Qashqadaryo viloyatiga madaniyat va san`at namoyandalari, jumladan, taniqli kinoijodkorlar tashrifi uyushtirildi. Tadbirlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusiga muvofiq Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda madaniy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazish maqsadida tashkil etildi.
Kinematografiya agentligi Xalq ta`limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan birgalikda rejalashtirilgan tadbirlarda faol ishtirok etib, “mahallabay” tizimi doirasida ijodiy uchrashuvlar o`tkazmoqda. Har bir mahallada "Kinoklub" ixtisoslashtirilgan avtotransportlari yordamida yangi milliy filmlar namoyishi tashkil etilmoqda. Qashqadaryolik hamkasblar safiga respublikaning barcha hududlaridan kinoijodkorlar qo`shilmoqda.
- Biz Qashqadaryo viloyatining chekka hududlarida, mahalla, guzarlar, aholi yashash punktlarida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan yangi kinokartinalarimizning namoyishlarini o`tkazmoqdamiz. Shuningdek, o`zbek kinosining oltin fondidan joy olgan milliy filmlar ham taqdim etilmoqda. O`zbek xalqi ushbu kinoasarlarni iliq kutib olishmoqda, - deydi Kinematografiya agentligi Samarqand viloyati hududiy bo`lim boshlig`i Farmon Roziqov.
Qashqadaryo viloyatida yurtimizdagi bir qancha san`atkorlar va ijodkorlar ishtirokidagi madaniy-ma`rifiy tadbirlar boshlanib ulgurdi. Kinematografiya agentligi ham mazkur tadbirlarga jalb etilgan taniqli kinoijodkorlardan iborat “Ma`rifat karvoni”da faol ishtirok etmoqda.
Bu kabi tadbirlar nafaqat kinomuxlislar, balki san`atkorlar uchun ham katta motivasiya bo`ladi. Yaxshi kinofilmlarning targ`iboti, jonli ijodiy uchrashuvlar, ayniqsa, o`zaro muloqotlar orqali “Yangi O`zbekiston” shukuhini his etish, mamlakatimizda bo`layotgan ijodiy o`zgarishlarni mazmun mohiyatini yanada chuqurroq anglashga zamin yaratadi, - deya so`zladi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist, O`zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov.
Kecha viloyatning Qarshi shahrida, Yakkabog` tumani Saxovat uyida, Nishon tumanida, Qarshi sanatoriyasida ko`ngilochar tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar bo`lib o`tdi. Shuningdek, Nishon tumanida kinoijodkorlar, yozuvchilar, ziyolilar va estrada yulduzlari bilan yoshlar o`rtasida kinoviktorinalar va kino san`atiga oid davra suhbatlari o`tkazildi. Faol ishtirokchilarga kitoblar va boshqa esdalik sovg`alari taqdim etildi.
Shu bilan birga Prezidentimiz tashabbusi bilan 1 ming 200 dan ortiq maktabning 8-11-sinf o`quvchilari o`rtasida “Mening kinoqahramonim” mavzusida insholar tanlovi o`tkazilmoqda. Kinoijodkorlar maktablarda namoyish etish uchun «Ilhaq», “O`tkan kunlar”, “Matonat maktabi” va “Abdulla Oripov” filmlarini olib kelishgan. Filmlarni tomosha qilgandan so`ng o`quvchilar tomonidan ijodiy ishlar yoziladi, ular avval tuman, keyin esa viloyat bosqichida baholanadi. G`oliblar maxsus sovg`alar bilan taqdirlanadi.
Kinoijodkorlarga e`tibor kerak, xalqning olqishi va mehri kerak. Mana shunday tadbirlarda biz ana shu mehrni his etamiz. Bugun Prezident tashabbusi bilan Qashqadaryoga tashrif buyurdik, bu erda bir qator ijod vakillari bilan mahallalardagi uchrashuvlarda ishtirok etib, o`zbek san`ati, ayniqsa, milliy kinomizni targ`iboti bilan mashg`ul bo`lamiz. Bu bizga yanada g`ayrat va ilhom bag`ishlaydi, - deya so`zladi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shohida Uzoqova.
Qarshi shahridagi "Shayx Ali" mahallasida joylashgan 18 sonli Muruvvat uyida Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Muhammadali Iskandarovning "Men terrorchi emasman" filmi namoyish etildi.
Qashqadaryo viloyatidagi mahallalarda milliy madaniyatimiz va san`atimizni ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar o`ylaymanki, yuqori saviyada o`tadi. Biz kino va teatr ijodkorlari bu borada xalqimiz xizmatiga bel bog`lab keldik. Har bir mahallada milliy filmlarimizni sevib tomosha qiladigan, yaxshi kinoasarlarga befarq bo`lmagan yurtdoshlarimiz uchraydi. Viloyatga safarimiz orqali ana shu insonlar bilan jonli muloqotlar uyushtirib, milliy filmlarimizni birgalikda tomosha qilamiz. Bu ham biz ijodkorlar uchun yanada ilhom bag`ishlaydi, - deydi taniqli kinoaktyor Xurshid To`xtaev.
Tashrif doirasida kinorejissyorlar tomonidan iqtidorli yoshlarni aniqlish, iste`dodini yanada qo`llab-quvvatlash maqsadida kastinglar va videoprobalar tashkil etish rejalashtirilgan.
So`nggi yillarda ko`plab yangi filmlar yaratilmoqda, shu sababli davlatimiz rahbari tomonidan ana shu ma`rifiy film loyihalarini har bir mahallaga, har bir aholi qalbiga etkazish vazifasi yuklatilmoqda. Tadbirlarimizdan ko`zlangan asosiy maqsad ham shundan iborat. O`ylaymanki, Qashqadaryoning ijobiy tajribasi tez orada butun respublika bo`ylab tarqaladi, – deya ta`kidladi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.






