Qonun (O`RQ–767-son, 05.05.2022 y.) bilan Soliq kodeksiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Kiritilgan qo`shimchalarga ko`ra, vaqtinchalik soliq imtiyozlariga, Prezident yoki Hukumat qarorlarida yuridik shaxslarning mol-mulk solig`i hamda yuridik shaxslarning er solig`idan to`liq ozod qilish imtiyoziga ega soliq to`lovchilar mazkur soliqlarni 1 foizi miqdorida to`laydi (mazkur tartib 3 oydan so`ng kuchga kiradi).
Foyda solig`ini hisoblashda Bolalarni qo`llab-quvvatlash jamoat fondiga xayriya qilingan mablag`lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Bolalikdan nogiron bo`lganlar, shuningdek I va II guruh nogironlarining MHTEKMning 3 baravari (2 mln 466 ming so`m) miqdoridagi mablag`lari daromad solig`iga tortilmaydi (ilgari MHTEKMning 1,41 baravari edi – 1 mln 159 ming so`m).
Ushbu tartib 2022 yil 1 martdan yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Yangi barpo etilayotgan bog`lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan erlar 5 yil muddatga er solig`idan ozod qilinadi. Ilgari 3 yil edi.
Ushbu tartib 2022 yil 1 yanvardan e`tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.






