Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti e`tiborini tortgan “omikron”ning uchta yangi varianti dunyoda kasallanishlar soni yana ortishiga sabab bo`lishi mumkin. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Janubiy Afrika mintaqasida paydo bo`lgan BA.4, BA.5 versiyalari hamda o`chog`i AQShning Nyu-York shahri hisoblangan BA.2.12.1 mutasiyasi shular jumlasidan.
Xususan, ayni paytda BA.2.12.1 subvarianti butun Qo`shma Shtatlar bo`ylab shiddat bilan tarqalmoqda. Nyu-York, Nyu-Jersi va Konnektikut shtatlarida u allaqachon dominant versiyaga aylanib ulgurgan.
Mutaxasislar fikricha, ushbu mutasiya turi boshqa mamlakatlarga tarqaladimi, yo`qmi, buni vaqt ko`rsatadi. Xuddi shunday BA.4 va BA.5 subvariantlari haqida ham xotirjam xulosa chiqarish qiyin.
Xitoyning Chanping laboratoriyasi olimlari olib borgan tadqiqotga ko`ra, har uchchala yangi variant boshqa mutasiyalarga nisbatan antitanachalarga osonroq “chap berish” xususiyatiga ega.
Shu bois, faqat ommaviy immunitetni shakllantirish orqali kasallik keng tarqalib ketishining oldini olish ancha murakkab jarayonga aylaninishi mumkin. Bu esa dunyoda pandemiyaning yangi to`lqini boshlanishi ehtimoli mavjudligini tasdiqlaydi.






