Tekshiruvlarda 4 ta hududda kredit mablag`larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan samarali hamkorlik yo`lga qo`yilganligi natijasida, bank mablag`larining talon-toroj qilinishi bo`yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o`z vaqtida qonuniy choralar ko`rilmoqda.
Xususan, Departamentning Farg`ona viloyati boshqarmasi tomonidan ATB “Mikrokreditbank”ning viloyat mintaqaviy filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “N.K.” MChJ rahbari A.U. va fuqaro U.O.lar MChJga bank filialidan quyonchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 1 mlrd so`m kredit mablag`i ajratilishiga erishib, ushbu mablag`larni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Oqdaryo tumanida tadbirkor va fuqarolarning murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro N.S. 4 ta MChJ rahbarlari bilan o`zaro til biriktirib, bank muassasasidan 12 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 275,6 mln so`m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishib, ushbu kredit mablag`ini belgilangan maqsadda foydalanmasdan, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Paxtakor tumanida TIF “Milliy bank”ning Jizzax viloyati Industrial filialining murojaatiga asosan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Q.P.” va “O.A.” MChJ rahbarlari o`zaro til biriktirib, “Q.P.” MChJga bank filialidan sport maydoni qurish uchun 350 mln so`m kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag`ining 200 mln so`mini “O.A.” MChJga o`tkazish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Andijon shahrida tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB “Mikrokreditbank” viloyat mintaqaviy filiali sobiq etakchi mutaxassisi A.Yu. va boshqalar oldindan til biriktirib, tadbirkor O.S. va boshqalarga ajratilgan 90 mln so`m imtiyozli kreditni “N.t.” MChJga o`tkazish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






