AsosiyJamiyat

Toshkentda hokim yordamchisi 35 ming AQSh dollari bilan ushlandi

'Toshkentda hokim yordamchisi  35 ming AQSh dollari bilan ushlandi'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Yunusobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig`inlaridan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi mansabdor shaxs firibgarlik yo`li bilan mahalliy tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lum bo`lishicha, u o`z xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorga engil tipdagi savdo do`koni o`rnatishi uchun mahalla hududidan 50 metr kvadrat er maydoni ajratilishi yuzasidan tavsiya berishni va er maydoni hujjatlarini tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilgan.

Bu yo`nalishda Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazdi.

Jumladan, viloyat Tadbirkorlikka ko`maklashish markazining Samarqand shahar bo`linmasi mutaxassisi chorvachilik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan tadbirkordan 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u Nurobod tumanidagi mas`uliyati cheklangan jamiyatlardan biriga tegishli 78 gektar lalmi er maydonini 135 ming AQSh dollari evaziga tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand tuman bo`limi katta inspektori o`ziga tegishli fermer xo`jalikning 20 gektar er maydonini 50 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa bir holatda esa Pastdarg`om tumanida yashovchi, 1975 y.t. shaxs o`zi ish boshqaruvchi vazifasida faoliyat yuritayotgan fermer xo`jalikning 6 gektar er maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 170 ming AQSh dollaridan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar