AsosiyJamiyat

Zomindagi aholi yashash joylarida bo`rilar izg`ib yurgani aytildi

'Zomindagi aholi yashash joylarida bo`rilar izg`ib yurgani aytildi'ning rasmi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Zomin tumani hududida bo`rilar yurgani xususida xabarlar tarqaldi.

Jizzax viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko`ra, bo`rilar aynan Zomindagi shaharcha  hududida yurganligi tasdiqlanmagan.

"Bo`rilar Jizzax viloyatining tog`li hududlarida uchraydi va yashaydi. Ammo so`nggi yillarda  bo`rilarning aholiga tashlanganligi yoki shikastlantirish holatlari aniqlanmagan",-deyiladi xabarda.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi Qonunining 29-moddasi 2-qismiga asosan, hayvonot dunyosi ob`ektlaridan maxsus foydalanish ruxsatnomalar asosida haq evaziga amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasining “Ov va ov qilish xo`jaligi to`g`risida”gi Qonunining 25-moddasi  3-qismida ovchilik xo`jaligiga va insonning xo`jalik faoliyatiga zarar etkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish yoki tutib olish ovchilik xo`jaliklarining talabnomalariga ko`ra O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan tasdiqlanadi, deb ko`rsatilgan.

Ya`ni, ovchilik xo`jaligiga va insonning xo`jalik faoliyatiga zarar etkazuvchi yovvoyi hayvonlar ko`payib ketganda ovchilik xo`jaliklarining talabnomalariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi tomonidan hududdagi hayvonlar ko`payganligi tasdiqlangan taqdirda, Fanlar Akademiyasi va Davlat Ekologiya qo`mitasi bilan kelishilgan holda ko`payib ketgan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish uchun ovlashga ruxsat berilishi aytiladi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan bo`riga o`xshash bo`lgan itlar bo`ri ovozi bilan tasvirlanlagan videolavhalar joylashtirilmoqda. Ushbu lavhalar feyk  xabar bo`lib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi xabarlarni tarqatib, aholini vahimaga solmasliklarini so`raymiz",-deyiladi boshqarma matbuot xizmati munosabatida.

    Boshqa yangiliklar