AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev: Qahramon ota-bobolarimiz jasorati oldida ta`zim qilamiz

'Shavkat Mirziyoev: Qahramon ota-bobolarimiz jasorati oldida ta`zim qilamiz'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G`alaba bog`iga tashrif buyurdi. Bu xakda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiy orkestr ijrosida “Xotirlash kuyi” yangradi. Davlatimiz rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo`ydi.

Bu majmua Ikkinchi jahon urushida besh o`g`lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va etim qolgan nabiralari xotirasiga bag`ishlab barpo etilgan. U xalqimizning urushdagi yo`qotishlari, tinchlik uchun kurashi timsoli sifatida bog` markazidan o`rin olgan. Shu ma`noda “Matonat madhiyasi” urushda o`z bolasidan, o`z yoridan judo bo`lgan barcha onalar, barcha ayollar sharafiga o`rnatilgan muazzam obidadir.

Bog`da Qurolli Kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham jam bo`ldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatda xalqimizga tabriklarini yo`lladi.

– Bugun ushbu G`alaba bog`ida turib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni qutlug` ayyom bilan chin qalbimdan tabriklayman. Bunday damlarda qahramon ota-bobolarimiz xotirasini yodga olib, ularning jasorati oldida ta`zim qilamiz. Ularning tinchlik va ozodlikka bag`ishlagan serqirra hayot yo`li kelgusi avlodlar uchun o`tda yonmaydigan, suvda cho`kmaydigan buyuk merosdir, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Davlatimiz rahbari bu maskan urush oqibatlarini, tinchlik qadrini yodga solishini ta`kidladi.

– Bugun dunyo tahlikali bo`lib borayapti. Har daqiqa sinovli bo`layapti. Bu bizga ham ta`sir qiladimi? Albatta ta`sir qiladi. Lekin xalqimiz hayotiga shu ta`sirni kamaytirish bo`yicha choralar ko`ryapmiz. Mehnatimiz bilan, birdamligimiz bilan, Xudo xohlasa, bu sinovlardan ham o`tamiz, – dedi Prezident.

Vazirlik va idoralar, jamoatchilik vakillari ham majmua poyiga gullar qo`ydi.

    Boshqa yangiliklar