Buxoro muhandislik-texnologiya institutning moliyaviy hujjatlari qonunchilikka zidligi, to`lovlar to`g`ri hisoblanmasligi, byudjet va byudjetdan tashqari mablag`larning noqonuniy sarflanishi, ish haqi, stipendiya va boshqa to`lovlarning noto`g`ri to`langanligi hamda davlat xaridlari va mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilinmayotganligi kabi qator qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Xususan, davlat xaridlari bo`yicha:
Institutning 2-korpusi fasad qismini kapital ta`mirlash bo`yicha e`lon berilmasdan, tanlovlarsiz 1,4 mlrd so`mlik qurilish ishlari to`g`ridan-to`g`ri “Fast Quality Building” MChJga shartnomasiz berib yuborilgan. Ushbu tashkilot Sog`lomlashtirish markazida 303.9 mln so`mlik noqonuniy qurilish ishlarini amalga oshirgan.
Shuningdek, institut 1-binosining 5-qavatida "Vobkent San-tex stop montaj servis " MChJ tomonidan amalga oshirilgan 2.4 mlrd so`mlik qurilish ishlari yakunlangan. Biroq, tugallangan ishlar komissiya tomonidan qabul qilinmagan va uning kafolat muddati tugamagan bo`lsa-da, pudratchiga 91.5 mln so`m mablag` oldindan to`lab berilgan.
Mablag`larning ortiqcha sarflanishi bo`yicha:
Mas`ullar tomonidan 18 nafar magistrant va 7 nafar talabaning imtihonda olgan “4” baholari qaydnomalarga ko`chirilishida “5” bahoga o`zgartirilganligi natijasida 14.7 mln so`mdan ziyod stipendiyalar ortiqcha to`langanligi aniqlandi.
Shuningdek, assistent-o`qituvchilarga 71 ta holatda katta o`qituvchi lavozimiga belgilangan jami 50.5 mln so`mlik ortiqcha ish haqi to`langan.
Mehnat qonunchiligi bo`yicha:
0,50 hissa tashqi o`rindoshlik asosida ishlovchi kafedra professori X.Kamilova tekshiruv kuniga qadar ishga kelmagan bo`lsa-da, unga yanvar oyida 4.3 mln. so`mlik ish haqi hisoblanib, majburiy ushlanmalar saqlangan holda 3.7 mln. so`m to`lab berilgan.
Shuningdek, 0,50 hissa professor lavozimida ishlovchi R.Gulyaev o`quv yili yuklama jadvalida qayd etilmagan bo`lsa ham, unga tabel to`ldirilib,
2021 yil sentyabr oyidan 2022 yil fevral oyiga qadar 18.3 mln so`m ish haqi hisoblangan, majburiy saqlanmalar ushlangandan so`ng 15.9 mln so`m ish haqi to`langan.
Tashqi o`rindoshlik asosida ishlovchi sirtqi bo`lim uslubchisi Umida Sharipova hamda Toshkent to`qimachilik va engil sanoat instituti xodimi Anvar Jo`raevlarning asosiy ish joyidan ma`lumotnoma olinmagan. Dilorom Ergasheva bandlikka ko`maklashish markazi yo`llanmasisiz dispetcher lavozimiga qabul qilingan. Dosent lavozimiga ishlovchi Institutning akademik liseyi direktori Eminjon Halimov asosiy ish joyida 126,6 soat ishda bo`lmagan.
Qarindosh-urug`chilik aloqalari borasida manfaatlar to`qnashuviga yo`l qo`yilganligi bo`yicha:
“Mashinasozlik texnologiyasi” kafedrasi mudiri Nasrullo O`rinovning qo`l ostida uning turmush o`rtog`i Muhabbat Saidova katta o`qituvchi, akasi Abdullo O`rinovning o`g`li Uyg`un O`rinov dosent lavozimida, shuningdek, “Menejment” kafedrasi mudiri Sherbek Xayitovning qo`l ostida turmush o`rtog`i Shahlo Primova va singlisi Iroda Xayitovalar o`qituvchi-stajyor lavozimida ishlayotganligi ma`lum bo`ldi.
Bundan tashqari, institutdagi 34 nafar tyutorlarning 20 nafari yoshlar bilan ishlashda etarli tajriba orttirmagan hamda etarli pedagogik stajga ega emas. 29 nafar xodim katta o`qituvchi lavozimiga noqonuniy qabul qilingan.
Tabaqalashtirilgan to`lov, ta`lim dasturlari hamda stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilish bo`yicha:
Davlat test markazining xulosasiga ko`ra, 67 nafar abiturientning tabaqalashtirilgan to`lov-kontraktlari miqdori buyruqlarda belgilanmagan.
O`rganishda qo`shma ta`lim dasturlari asosida ta`lim yo`nalishlariga qabul qilingan 19 nafar abiturientning ikkinchi bosqich bo`yicha test sinovlarida ishtirok etishlari uchun tanlagan ta`lim yo`nalishlari va o`qishga qabul qilishda buyruq bilan belgilangan ta`lim yo`nalishlari bir-biriga mos kelmasligi aniqlandi.
Shuningdek, “Buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar bo`yicha)” ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovida ishtirok etgan 5 nafar abiturient “Dasturiy injiniring” ta`lim yo`nalishiga o`qishga qabul qilingan.
Misol uchun, “Biotibbiyot muhandisligi” ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovida ishtirok etgan abiturient Hayitbek Alisher o`g`li Asrorov “Dasturiy injiniring” ta`lim yo`nalishiga o`qishga qabul qilingan.
“Investision loyihalarga xizmat ko`rsatish va moliyalashtirish” ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovida ishtirok etgan 7 nafar abiturient “Menejment (tarmoqlar va sohalar bo`yicha)” ta`lim yo`nalishiga, “Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish” ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovida ishtirok etgan 6 nafar abiturient “Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish” ta`lim yo`nalishiga o`qishga qabul qilingan.
Shu bilan birgalikda stajyor-tadqiqotchilikka o`qishga qabul qilish bo`yicha ommaviy axborot vositalarida e`lon berilmagan. Elektron tizim orqali hujjat topshirmagan fuqarolar to`g`ridan-to`g`ri arizalari asosida stajyor-tadqiqotchilikka qabul qilingan, ularning arizalari qayd kitobidan ro`yxatdan o`tkazilmagan. Institutda texnik xodimlarni ishga olish tartibi belgilanmagan.
Bundan tashqari, Institut rektori N.Barakaev institutga xodimlarni ishga olishda tanish-bilishchilik va qarindosh-urug`chilikka yo`l qo`yayotganligi, jumladan, o`zining yaqin va uzoq qarindoshlarini ishga olib, ularga ustama belgilashda ijtimoiy adolat mezonlarini buzayotganligi bo`yicha institut xodimlari tomonidan Agentlikka murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarda N.Barakaev turmush o`rtog`i Nodira Ibraximovani katta o`qituvchi, opasining qizi Rayhon Valievani 1,5 hissa ish yurituvchi va dispetcher, qaynsinglisining qizi Umida Sharipovani sirtqi bo`lim uslubchisi va bojasi Ilxom Bafoevni bosh auditor lavozimiga ishga olganligi, shuningdek, bojasi I.Bafoevga 200% miqdorida ish haqiga ustama belgilab kelganligi bayon etilgan edi.
Agentlik tomonidan mazkur murojaatlar taalluqliligi bo`yicha Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga yuborilgan bo`lishiga qaramay, o`rganish kuniga qadar bu masalalar o`z echimini topmagan. Natijada ushbu holatlar ariza mualliflarining haqli e`tirozlariga hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs-munozaralarga sabab bo`lmoqda.
Murojaat asosida institutda o`tkazilgan o`rganishlarda 4 mlrd so`mga yaqin moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi. To`plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborildi.
Qayd etilgan qonun buzilishi holatlarining kelib chiqishiga Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rahbariyati va mas`ul xodimlari tomonidan ta`lim, mehnat, byudjet intizomi va davlat xaridlariga oid qonun hujjatlari va sohaviy normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ta`minlanmagani hamda etarli nazorat o`rnatilmagani sabab bo`lgan.
Bayon etilganlarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.06.2020 yildagi “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-6013-son Farmonining 4-bandiga asosan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko`rish to`g`risida taqdimnoma kiritildi.






