Turli “yo`l”lar bilan ishini xamirdan qil sug`urgandek hal qilmoqchi bo`lganlar oramizda etarlicha topiladi. Biroq u “yo`l”ning oxiri boshi berk ko`cha ekanini bilganlarida esa kech bo`ladi...
Gap shundaki, 33 yoshli erkak boshqaruvidagi avtoulovini jarima maydonidan chiqarib berish va unga nisbatan rasmiylashtirilgan ma`muriy bayonnomani Toshkent shahar YHXB YPXB Ma`muriy amaliyot bo`limiga topshirmaslik evaziga komandirga 200 AQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda darakchi.uzga jinoyat ishlari bo`yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi Ja`far Kurbanov ma`lum qildi.
“Qilgan ishimdan pushaymonman”
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga iqror bo`ldi...
— Bir fuqaroga tegishli avtomashinani ishnochnoma asosida boshqarib, viloyatdan Toshkentga keldim. Tanishlarim bilan kafeda ovqatlanib, spirtli ichimlik ichdik. So`ng tanishlarim bilan boshqaruvimdagi avtomashinada ketayotgan vaqtimizda YPX xodimi to`xtatdi. To`xtaganimda spirtli ichimlik ichganlik holatimni tekshirish bo`yicha narkologiya dispanserga olib borishdi. Dispanserning binosiga kirgan vaqtimda YPX xodimi ichkarida odam ko`pligi sababli kutib turishimni so`radi. Tashqarida kutib turganimda YPX inspektori kelib, “nima bo`ldi?” deb so`radi. Spirtlik ichimlik ichib avtomashina boshqarganim sababli tekshiruvga olib kelinganimni aytdim. Shunda inspektortashqariga chiqishimni so`radi. Chiqib, inspektorbilan birga avtomashinada o`tirdim. U menga yordam berishni aytdi. “200 AQSh dollari bera olaman”, deganimda ekspertiza o`tkazishdan bosh tortganligim haqida tilxat yozib berishimni so`radi, yozdim. So`ng YPX xodimlari bilan birgalikda jarima maydonchaga birga bordik. Ular qandaydir hujjatlarni rasmiydashtira boshlashdi. Biroz vaqt o`tgach, YPX xodimi u erdan ketib qoldi. Jarima maydonchasidagi qorovuldan YPX xodimini so`raganimda ketganini aytdi. Keyin u bilan ko`rishib, avtomashinamni jarima maydonchasida qoldirmaslik uchun 200 AQSh dollariga kelishilganligi haqida aytganimda, u birozdan so`ng kelishini aytib ketdi. Taxminan 30 daqiqalar o`tgach, u qaytib keldi. Shundan so`ng ikkalamiz YPXning xizmat avtomashinasiga o`tirganimizda va`da qilingan pul haqida so`radi. “Hozir yonimda 200 AQSh dollari yo`q. 20 daqiqa kutib tursangiz olib kelaman”, dedim. Biroq u “kutishga vaqtim yo`q”, deya javob qaytardi. Pulni ertasi kuni aytilgan manzilga olib borishimni aytib, o`z telefon raqamini yozib berdi. Kelishilgan vaqtda manzilga borib, unga 200 AQSh dollarini olib kelganimni aytib, pulni berdim. Biroz vaqt o`tgach, biz turgan joyga bir necha notanish shaxslar kelishdi. Tezkor tadbir o`tkazilayotganini bildirib, meni departament binosiga olib borishdi. Qilgan ishimdan pushaymonman.
Sudlanuvchi aybiga iqror bo`lgan bo`lsa-da, uning aybi dalillar bilan isbotlandi.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va 50 baravari miqdorida ya`ni, 12 250 000 so`m jarima jazosi tayinlandi.






