Qo`qonda Gentra haydovchisi yo`l harakati qoidalarini qo`pol ravishda buzib, harakatlangani hamda pistolet va ov qurolini namoyish qilgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Mazkur holatga Farg`ona viloyati IIB matbuot xizmati munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda Zamon nashri.
Holat o`rganilganda mazkur avtomobil Uchko`prik tumanida yashovchi fuqaroga tegishli bo`lib, videodagi holatda avtomobil uning 2004 yilda tug`ilgan o`g`li boshqaruvida bo`lgan.
"Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodagi avtomobilda o`g`lim bo`lgan. Mashinani qarovsiz qoldirganman. Videodagi qurol — "zajigalka" bo`lgan. Narigi avtomat o`zimni qurolim. U ovchilikka ruxsatnomasi bor qurol bo`lgan. Endi o`g`limning tarbiyasi bilan qattiq shug`ullanaman. Kelgusida bunday ishlar boshqa qaytarilmaydi", – deydi huquqbuzarning otasi.
Videotasvirdagi pistoletning aslida yondirgich ekanligi, ov qurolining barcha hujjatlari mavjudligi tekshiruvlar natijasida aniqlandi. Biroq yigit Gentra’ni tegishli hujjatlarsiz boshqargani, kamiga avtomobilga qoidalarga zid ravishda tovush chiqaruvchi vositalar o`rnatganligi ma`lum bo`ldi.
Holatning o`rganib chiqilgani va tegishli chora ko`rilgani qayd etilgan.






