1

Toshkentda ShHT Xalq diplomatiyasi forumi boshlandi

Siyosat 11.05.2022, 11:40
Toshkentda ShHT Xalq diplomatiyasi forumi boshlandi

2022 yil 11 may kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi doirasida “Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot uchun o`zaro anglashuv” mavzusida ShHT Xalq diplomatiyasi forumi o`z ishini boshladi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Tadbirda xalqaro tashkilotlar, ShHTga a`zo mamlakatlar parlamentlari, nodavlat tuzilmalar va ilmiy-tahlil markazlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.

Forumning ochilish marosimida so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov qayd etganidek, ochiqlik va xolislik kabi xususiyatlari bilan ajralib turuvchi xalq diplomatiyasi zamonaviy jamiyatda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu munosabat bilan O`zbekiston tomoni ShHTga raislik doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish orqali tashkilotga a`zo mamlakatlar o`rtasida o`zaro anglashuv, hurmat va ishonchni mustahkamlash bo`yicha ushbu mexanizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Shuningdek, V.Norov Markaziy Osiyo Shanxay hamkorlik tashkilotining o`zagi bo`lgan holda, ShHT makonining faravonligi va rivojlanishida o`ta muhim ahamiyat kasb etishini ta`kidladi. Shu ma`noda O`zbekiston tashqi siyosatida mintaqa mamlakatlari bilan ishonchli munosabatlar va ochiq muloqotni mustahkamlash bo`yicha erishilgan yutuqlar to`g`risida batafsil ma`lumot berildi.  

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yili Toshkent shahrida tashkil etilgan ShHT Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati alohida qayd etildi. Mazkur tuzilma qisqa vaqt ichida Tashkilot tizimida munosib o`rin egallab, Xitoy, Tojikiston va boshqa qator davlatlarning shu kabi muassasalari bilan yaqin aloqalar o`rnatgani e`tirof etildi.

Anjuman ishtirokchilari O`zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi va respublikamiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni yuksak baholadilar. Xususan, delegasiyalar ShHTga a`zo davlatlardagi yosh avlod salohiyatini samarali ro`yobga chiqarish, har yili ShHT madaniy va sayyohlik poytaxti maqomini berish amaliyotini joriy etish, “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish va mamlakatimizning boshqa takliflarini qo`llab-quvvatladilar.

ShHT hozirgi bosqichda tamaddunlararo muloqotni rivojlantirishga faol ko`maklashayotgani, turli madaniyat va an`analarga ega xalqlar o`rtasida “ko`priklar”ni bunyod etayotgani ta`kidlandi. Madaniyat, ta`lim, turizm, yoshlar va gender siyosati sohalaridagi hamkorlik mexanizmlari, ShHT xalqaro marafonlari va “ShHTning sakkiz mo`jizasi” ko`rgazmalari mamlakatlarimizning tarixiy va madaniy qadriyatlarini ochib berish va targ`ib etishga samarali xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari Toshkent shahrida bo`lib o`tayotgan ShHT Xalq diplomatiyasi forumi, uning doirasida ishlab chiqilgan g`oya va loyihalar mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish yo`lidagi muhim qadam bo`lishini bir ovozdan ta`kidladilar.

Anjuman doirasida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingi ham bo`lib o`tdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1