“Davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish va ushbu sohada jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–240, 11.05.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan, quyidagilarni nazarda tutuvchi "E-Antikorrupsiya" loyihasi to`liq ishga tushiriladi:
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarning faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni majburiy aniqlash va baholash;
- “Korrupsiyaga moyil bo`lgan munosabatlar elektron reestri”ni shakllantirish va yuritish;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlarni qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, inson omilini qisqartirish va tegishli tartib-taomillar va funksiyalarni raqamlashtirish, shaffoflikni ta`minlash, jamoatchilik nazoratini yo`lga qo`yish orqali bartaraf etish.
Loyiha “E-Anticor.uz” elektron platformasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 yanvargacha davlat boshqaruvi organlarida quyidagi talablar asosida kadrlar bilan ishlash yo`nalishidagi avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi:
- vakant lavozimlarni e`lon qilishdan tortib, tanlov o`tkazish va ishga qabul qilish natijalari bo`yicha hujjatlarni rasmiylashtirishgacha bo`lgan jarayonlarni to`liq elektron tarzda amalga oshirish;
- tarkibiy tuzilma, shtatlar, lavozimlar va xodimlar to`g`risidagi ma`lumotlarni yagona elektron bazaga jamlagan holda axborotni to`plash va unga ishlov berish;
- kadrlarga oid ish yurituv hujjatlarini elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda faqat tizim orqali elektron shaklda qabul qilish va yuritish;
- xodimlarning ish faoliyati samaradorligini avtomatik baholash va ularni masofaviy o`qitish;
- kadrlar bo`yicha ma`lumotlarning elektron arxivini yuritish.






