Prezident Shavkat Mirziyoev huzurida don mahsulotlari korxonalarida transformasiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig`ilish davom etmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig`ilishda o`tgan yilda respublika bo`yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgani, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to`g`ri kelgani ko`rsatib o`tildi.
“Lekin, bugungi kunda “O`zdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyormi? Afsuski, bu savolga javob ijobiy emas.
Shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bug`doyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shug`ullanib kelgan.
Oqibatda, ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o`rtacha 60 foizdan oshmaydi”, deya tanqid qildi Prezident.
Davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabellik esa 2 baravar kam.
Ishlar samarasiz yo`lga qo`yilgani oqibatida “O`zdonmahsulot” korxonalarining Qishloq xo`jaligi jamg`armasi oldidagi qarzi 1,8 trln so`mni tashkil etib, shundan 1,1 trln so`mi umidsiz qarz hisoblanadi.
Eng achinarlisi, davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmagan.






