Yig`ilish kun tartibidan favqulodda vaziyatlarning oldini olish masalasi ham o`rin oldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning mart-may oylarida kuchli yog`ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko`chkilar sodir bo`ldi. Oqibatda 9 nafar inson halok bo`ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko`prik zarar ko`rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo`ldi.
Bunga sel va ko`chki xavfi yuqori hududlarda yillar davomida betartib pala-partish sug`orilgani ham sabab bo`lmoqda.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga:
- tog` daryolari va soylari, sel yo`llari joylashgan hududlarda tunu-kun ishlaydigan shtablar tashkil etish va qutqaruv otryadlarini ko`paytirish;
- daryo qirg`oqlari, suv omborlari, selga qarshi inshootlarning favqulodda vaziyatlarga shaylik holatini o`rganib, ularni mustahkamlash;
- xavfli hududlarda yashayotgan xonadonlarni xavfsiz hududlarga doimiy ko`chirish choralarini ko`rish bo`yicha topshiriq berildi.
Yig`ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.






