Qishloq xo`jaligi jamg`armasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bug`doy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqariladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bunda iyul-avgust oylarida birjada shakllangan o`rtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga o`rtadagi ijobiy farq ham to`lab beriladi.
Misol uchun, avgust oyida 1 tonna g`allaning birja narxi 3,5 million so`m bo`lsa, fermerga yana 500 ming so`m to`lab beriladi. Bu maqsadlarga joriy yilda davlatdan 6 trillion so`mdan ziyod mablag` ajratiladi.
Bundan tashqari:
- fermerlar ixtiyorida qoladigan bug`doydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1 iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning o`zlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
- 500 ming tonna bug`doyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat o`z zimmasiga oladi va bunga 100 milliard so`m ajratiladi.
Agar fermer va klasterlar tomonidan etishtirgan ortiqcha g`allasini sotish istagi bo`lsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.
“Barcha hokimlar bir narsani aniq tushunib olishi zarur. Nima uchun biz fermerni birjaga olib chiqayapmiz? Fermer birjaga chiqib, o`zi g`allasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, o`z mehnati natijasidan rozi bo`ladi.
Kelgusida davlat zaxirasiga xarid qilinadigan g`alla ham faqat birjadan sotib olinadi”, dedi Prezident yig`ilishda.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bug`doy etishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan ro`yxatdan o`tkazish hamda brokerlarni biriktirib, o`qitishni tashkil qilish topshirildi.
Bunda fermerlar 2022 yil bug`doy hosili uchun birja to`lovlaridan ozod qilinadi.
Joriy yil jami g`alla hosili uchun 7,6 trillion so`m ajratiladi. Yangi tizimni to`laqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir so`m fermer va klasterga o`z vaqtida, to`liq etib borishi, narx-navoni o`sishi va taqchillikni oldini olish bo`yicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi.
Buning uchun Bosh prokuror boshchiligida Respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi.






