AsosiyJamiyat

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar ajratiladi

'Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun subsidiyalar ajratiladi'ning rasmi

Hukumat qarori (252-son, 11.05.2022 y.) bilan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga ko`ra, Jamg`arma mablag`lari hisobidan subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:

  • engil konstruksiyali issiqxonalar o`rnatish uchun – BHMning 30 baravarigacha (8 mln 100 ming so`mgacha) miqdorida;
  • sug`orish vositalari xarid qilish uchun – BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorida;
  • urug`liklar va ko`chatlar sotib olish uchun – BHMning 3 baravarigacha (810 ming so`mgacha) miqdorida;
  • ishsiz fuqarolar, kam ta`minlangan oilalar a`zolari va tashqi mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan shaxslarga ularning bandligini ta`minlash maqsadida tashkil etiladigan qishloq xo`jaligi kooperativlari ustav fondiga ulush sifatida kiritish uchun – BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorida;
  • “O`zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qo`lda gilam va ipak mato to`qish bilan shug`ullanuvchilarga 3 tadan kam bo`lmagan ish o`rni yaratish sharti bilan gilam va ipak mato to`qish dastgohini xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun – har bir dastgoh uchun BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorida;
  • “Yaylov xo`jaligini rivojlantirish” uyushmasi a`zolariga qo`l mehnati uchun uskunalar xarid qilish bo`yicha xarajatlarni qoplash uchun kamida bitta ish o`rni yaratish sharti bilan BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorida;
  • 2022 yil 1 apreldan 2025 yil 1 yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq etishtirish yo`nalishi bo`yicha o`quv kurslarida o`qish xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravaridan (540 ming so`mdan) oshmagan miqdorda bir martalik;
  • tadbirkorlik va o`zini o`zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo`lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo`lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun – 7 million so`mgacha, xotin-qizlarga 10 million so`mgacha;
  • tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan ishsiz fuqarolarga tadbirkorlik sub`ekti sifatida davlat ro`yxatidan o`tgandan so`ng dastlabki 3 oy mobaynida olingan bino va inshootning ijara to`lovini to`lash uchun – 
    BHMning 10 baravarigacha (2 mln 700 ming so`mgacha) miqdorida (bunda uch oy davomida to`lab beriladigan subsidiya uch oyga teng taqsimlangan holda har bir oy uchun to`lab beriladi);
  • hunarmandlarning “Hunarmand” uyushmasiga a`zolik badali xarajatlari uchun – a`zolik badali miqdorida;
  • aholi bandligiga ko`maklashish markazida ro`yxatdan o`tgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlayotgan ishsiz shaxslarga – yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro`yxatdan o`tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun – sarflanadigan xarajatlarni to`lashda bir martalik;
  • “usta-shogird” an`analari asosida yoshlarga hunar o`rgatayotgan hunarmandlarga (kulollarga) shogirdlar tayyorlash, zarur xomashyo sotib olish va shogirdlarni ish haqi bilan ta`minlash uchun – 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan (540 ming so`mdan) kam bo`lmagan miqdorda;
  • shogirdlarga – mustaqil faoliyat boshlashi uchun zarur asbob-uskuna 
    va jihozlarni sotib olish, shuningdek, ustalarga – internet saytlarini tashkil etish, o`z mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan (6 mln 750 ming so`mdan) oshmaydigan qismiga subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, kasb-hunarga o`qitish markazlarining o`quv xonalarida o`qitish qiyin bo`lgan quyidagi kasb yo`nalishlarida “usta-shogird” an`analari asosida hunar o`rganmoqchi bo`lgan yoshlarga yoki hunar o`rgatayotgan (yoki o`rgatmoqchi bo`lgan) ustalarga shogirdlar tayyorlash yoki shogirdlarni ish haqi bilan ta`minlash uchun – 3 oy mobaynida har bir shogirdga (biroq, shogirdlar soni besh nafardan oshmagan holda) har oyda BHMning 4 baravarigacha (1 mln 80 ming so`mgacha) miqdorida subsidiya ajratiladi:

  • avtotyuning (avtomobillarga aksessuarlar va avtosignalizasiya o`rnatish, g`iloflar va pol qoplamalarini tikish);
  • maishiy texnikani o`rnatish va ta`mirlash;
  • kompyuterlarni ta`mirlash va sozlash;
  • video va fotosuratga olish;
  • mebellarni ta`mirlash va yig`ish;
  • sartaroshlik xizmatlari, manikyur, pedikyur xizmatlari;
  • kosmetolog xizmatlari;
  • multimedia, dizayn va san`at materiallarini yaratish va ularga ishlov berish;
  • dasturiy ta`minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo`llab-quvvatlash.

Subsidiya turidan foydalanmoqchi bo`lganlar tavsiya berishni so`rab o`zining doimiy yashash manzilidagi hokim yordamchisiga yozma yoki “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali murojaat qiladi.

Ma`lumotlar o`rganib chiqilib, o`rganish natijasiga ko`ra (agarda xulosava hujjatlarda ko`rsatilgan ma`lumotlar o`z tasdig`ini topsa) subsidiya ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar