Davlat rahbari Farg`ona viloyati Buvayda tumanida qurilgan mebelsozlik majmuasini borib ko`rdi.
Buvaydada ko`pchilik usta duradgor. Oilalar o`z uyida eshik-romlar tayyorlab sotadi. Ularning mahsulotlari Farg`ona vodiysidan tashqari Toshkent shahri, uzoq viloyatlargacha etkazib beriladi.
Lekin hovlida sharoitlar etishmasdi. Ob-havo, shovqin noqulaylik tug`dirardi. Buvaydalik hunarmandlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallada mebelsozlikka ixtisoslashgan majmua barpo etildi.
Davlatimiz rahbari bu erdagi sharoitlarni ko`zdan kechirdi. Bir qavatli binolarda ishlab chiqarish ustaxonalari, ikki qavatli binolarda savdo, ko`rgazma va maishiy xizmat xonalari joylashgan.
Prezidentimiz yangi binoda ish boshlagan hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
- Bular bu kunga mashaqqat bilan kelgan. Endi har kuni ishlashga ham tayyor. Faqat buning uchun barqaror xomashyo va bozor kerak. Davlat shu jihatdan yordam bersa, hunarmandlarning ishi yurishadi, shogirdlari ko`payadi, daromadi oshadi, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu bois Qoraqalpog`iston va viloyatlarda mebelbop daraxtlar etishtirish, qayta ishlangan yog`och mahsulotlar tayyorlashni kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Majmuada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki bozordan tashqari Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`izistonga eksport qilish rejalashtirilgan. Majmua to`liq ishga tushgach, 3 ming 700 dan ziyod kishining bandligi ta`minlanishi mo`ljallangan.






