Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda "O`zyo`linspeksiya" axborot xizmati rahbari Komiljon Shamsiddinov ma`lum qildi.
“O`zyo`linspeksiya” tomonidan joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida – yo`l qurilishi ob`ektlari hamda yo`l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish yo`nalishida 1 ming 878 ta ob`ektda nazorat ishlari o`tkazilgan.
Buning natijasida, 3 ming 143 ta qoida buzilish holatlari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo`yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi va yo`llarni saqlovchi tashkilotlarning mas`ul xodimlariga 1 ming 941 ta bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatmalar berildi.
Bugungi kunda ijro muddati kelgan 1 ming 255 ta ko`rsatmadagi 2013 ta qoida buzilishlar bartaraf etildi. Bajarish muddati kelmagan 686 ta ko`rsatmadagi 1130 ta qoida buzilishlarning ijrosi hududiy davlat inspektorlarining qat`iy nazorati ostiga olingan.
Yana bir ma`lumot, nazorat qilish ishlari natijasida 61 ta holat bo`yicha umumiy summasi qariyb 1 mlrd. 339 mln. so`mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlar hajmini to`lovdan chiqarish bo`yicha buyurtmachilarga talabnomalar kiritildi. Ulardan ayrim misollar keltiramiz. Masalan, Sirdaryo viloyatida Sardoba tumani hududidan o`tuvchi 4R199 avtomobil yo`lining 0-37 kilometrlari oralig`ida o`tkazilgan joriy ta`mirlash natijasida – 129,3 mln. so`mlik, Samarqand viloyati Nurobod tumani “Sepki” qishlog`idagi 53-maktabga olib boruvchi ichki yo`lni ta`mirlashda – 112,9 mln. so`mlik, Buxoro viloyatidagi Vobkent va Romitan tumanlari hududidan o`tgan 4N155 avtomobil yo`lining 8,5-11 kilometrlari oralig`idagi joriy ta`mirlash natijasida – 47,2 mln. so`mlik ishlar sifatsiz bajarilgani, talabga mutlaqo javob bermagani uchun hisobdan chiqarildi, ya`ni puli to`lab berilmaydi.
Bugungi kunda 35 ta holatdagi 406,33 mln. so`m miqdorida bo`lgan sifatsiz bajarilgan ishlar bartaraf etilishiga erishildi, qolgan 26 ta holatdagi 932,48 mln. so`mlik sifatsiz ishlarning taqdiri – hududiy davlat inspektorlarining nazorati ostiga olingan.
Bundan tashqari, qo`pol ravishdagi qoida buzilishlarga yo`l qo`yilgan 72 ta holat bo`yicha pudratchi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan tegishli choralar qo`llash bo`yicha Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 99- va 147-moddalari asosida ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Shaharsozlik sohasidagi qonun hujjatlari talablarini qo`pol ravishda buzayotgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to`g`risida 10 ta holat bo`yicha yuqori turuvchi organlarga taqdimnoma kiritildi.
Yo`l qurilishi ob`ektlarida bajarilgan qurilish-montaj ishlari va ishlatilgan yo`l-qurilish materiallari sifatini – laboratoriya sinovidan o`tkazish bo`yicha, 7 ta ob`ektdan olingan 275 ta sinov namunalari asosida 1052 ta laboratoriya sinovlari o`tkazildi va 1 ta ob`ektdagi nomuvofiqlar yuzasidan huquq-tartibot organlariga ma`lumot kiritildi.
Yo`l qurilish ob`ektlariga jalb qilingan sinov laboratoriyalari faoliyatining monitoringini ta`minlash bo`yicha 4 ta laboratoriya tashkiloti tomonidan rasmiylashtirilgan – 87 ta bayonnomaning me`yoriy hujjatlar talablariga nechog`li mosligi o`rganildi. Natijada 1 ta laboratoriya tashkilotining 3 ta sinov bayonnomasida aniqlangan nomuvofiqliklar yuzasidan “O`zbekiston akkreditasiya markazi”ga ma`lumotnoma kiritildi.






