AsosiyJamiyat

"O`zbekistonda “ixcham hukumat" yaratiladi"- Ruslanbek Davletov

'"O`zbekistonda “ixcham hukumat" yaratiladi"- Ruslanbek Davletov'ning rasmi

Kecha,  Toshkentda davlat xizmatini modernizasiya qilish va qonun ustuvorligini ta`minlashga bag`ishlangan xalqaro konferensiya ish boshlagani haqida xabar bergan edik. 

Konferensiya ochilishida so`zga chiqqan adliya vaziri, so`nggi yillarda O`zbekistonda davlat boshqaruvini modernizasiya qilish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilganini, jumladan, davlat institutlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta`minlash, professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, iqtisodiyotda davlat rolini qisqartirish bo`yicha salmoqli ishlar amalga oshirilganini ta`kidladi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar konsepsiyasi, davlat institutlari faoliyati samaradorligini ta`minlashga qaratilgan uchta asosiy qonun — “Ma`muriy tartib-taomillar to`g`risida”, “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”, “Davlat-xususiy sheriklik to`g`risida” qabul qilingan. Davlat xizmatini tashkil etishni tartibga soluvchi “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida davlat xizmatchilarining kasbiy korpusini yaratishga mas`ul bo`lgan alohida idora tashkil etildi.

Korrupsiya ko`rinishlarining oldini olish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini va fuqarolarning ularga bo`lgan ishonchini ta`minlash maqsadida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq ma`lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo`lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma`lumotlar ro`yxati ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ayni paytda ushbu ro`yxatga 34 ta pozisiya kiritilgan. 2021—2025 yillarda O`zbekiston Respublikasida ochiq ma`lumotlar sohasini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Davlat byudjeti va davlat qarzi to`g`risidagi ma`lumotlarni e`lon qiluvchi “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi. “Tashabbusli byudjet” doirasida fuqarolar infratuzilmani takomillashtirish loyihalarini taklif etish orqali mahalliy byudjetning bir qismini taqsimlashda ishtirok etishlari mumkin.

Vazir O`zbekistonda ma`muriy islohotlarning ikkinchi bosqichi boshlanganini ta`kidladi. Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ma`muriy islohotlar doirasida bir-birini takrorlaydigan tuzilmalar va funksiyalarni optimallashtirish, vazirlik va idoralarni tashkil etish va tugatishning aniq tartibini, ularning tuzilmasi va shtat jadvaliga qo`yiladigan talablarni belgilash yo`li bilan “ixcham hukumat”ni yaratish ko`zda tutilmoqda.

Vazirning qayd etishicha, samarali faoliyat yurituvchi davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda qonun ustuvorligi muhim o`rin tutadi. Aynan qonun ustuvorligi tamoyillarini amalda tatbiq etish orqali inson huquqlarining ishonchli himoyasini ta`minlash, odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish va huquqbuzarliklarni va davlat institutlarida korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni kamaytirish mumkin.

Qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta`minlashda davlat institutlarining mas`uliyatini kuchaytirish maqsadida O`zbekistonda Qonun ustuvorligi indeksi joriy etildi, unda respublikaning hududlarida qonun ustuvorligini ta`minlash holati reytingidan kelib chiqqan holda baholanadi.

    Boshqa yangiliklar