AsosiyDunyo

O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Tojikistondagi MDH yig`ilishida ishtirok etmoqda

'O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Tojikistondagi MDH yig`ilishida ishtirok etmoqda'ning rasmi

2022 yil 13 may kuni Dushanbe shahrida Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov boshchiligidagi O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig`ilishida ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Qozog`iston Respublikasi raisligida o`tkazilgan tadbirda Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Qirg`iz Respublikasi, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, MDH Ijroiya qo`mitasi delegasiyalari ishtirok etdi.

Yig`ilish ishtirokchilari xalqaro kun tartibi va Hamdo`stlik doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, MDH davlat va hukumat rahbarlari Kengashlariga kiritiladigan ko`p tomonlama hujjatlar loyihalarini ko`rib chiqdilar.

MDH ishtirokchi-davlatlari tashqi ishlar vazirliklari o`rtasidagi sheriklikni faollashtirish bo`yicha Harakatlar dasturi va TIVlararo maslahatlashuvlar rejasining 2021 yildagi ijro natijalari tasdiqlandi.

Belarus notarial palatasiga – notarial faoliyat sohasida, Samarqanddagi "Ipak yo`li" xalqaro turizm universitetiga – turizm sohasida MDHning tayanch tashkilotlari maqomini berish to`g`risida qarorlar qabul qilindi.

Yig`ilish davomida O`zbekiston delegasiyasi jahonda ro`y berayotgan voqealar va xalqaro munosabatlardagi o`zgarishlarning jadalligi Hamdo`stlikni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini ta`kidladi.

O`zbekistonning 2020-yilda Hamdo`stlikka raislik qilish davrida qabul qilingan Hamdo`stlikni yanada rivojlantirish Konsepsiyasi va MDH iqtisodiy taraqqiyoti Strategiyasini amalda bajarish bo`yicha birgalikdagi sa`y-harakatlarni davom ettirish taklif etildi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Hamdo`stlik sammitlarida ilgari surilgan MDH doirasidagi o`zaro hamkorlik salohiyatini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy jarayonlarni liberallashtirish, ta`lim, fan, texnika, sog`liqni saqlash, madaniyat sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, fuqarolarning farovonligi va turmush darajasini oshirish, shuningdek, an`anaviy va yangi chaqiriq hamda tahdidlarga qarshi turishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirishga ham alohida e`tibor qaratildi.

    Boshqa yangiliklar