AsosiyJamiyat

Jamiyat taraqqiyotining kushandasi korrupsiya emasmi?

'Jamiyat taraqqiyotining kushandasi korrupsiya emasmi?'ning rasmi

Tan olib aytish lozimki, jamiyat va davlat taraqqiyotining asosiy kushandasi so`zsiz korrupsiya desak, hech ham xato qilmagan bo`lamiz. Bu degani endi gurkurab o`sayotgan mevali daraxt ildiziga bolta urganday degan gap. Bugungi kunda bu illat nafaqat O`zbekiston, balki butun dunyo davlatlari duch kelayotgan eng tuban muammolardan biridir.  Korrupsiya orqali jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta`sir etmay qolmaydi.

Darhaqiqat, oxirgi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat oldida turgan asosiy va eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, korrupsiya ta`lim, sog`liqni saqlash, qurilish sohalarida ko`plab sodir bo`lmoqda degan murojatlar ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab uchramoqda.

Eng achinarlisi, yaqin uch oy ichida hokim yordamchilari tomonidan er oldi - sotdisi, noqonuniy joylarga inshoatlar qurish masalalarida va`da berish  kabi  korrupsion  holatlarga yo`l qo`yilganligi, juda ko`plab jamoatchilik tomonidan noroziliklarga sabab bo`lmoqda. Davlat ularga ishonch bildirib mas`ul lavozimga qo`ysayu, bir oz o`tmasdan bunday salbiy illatlarga  yo`l qo`ysa,  bu judayam achinarli holat.  Eskida, oyni etak bilan bilan yopib bo`lmaydi, qing`ir ishning qiyig`i qirq yilda ham chiqadi degan hayotiy naqllar bejizga aytilmagan. Hokim yordamchilariga mahallalardagi aholini ish bilan ta`minlash, tadbirkorlikni rivojlantirishga ko`mak berish, kambag`allikni qisqartirish vazifasi qo`yilsayu, ularning qilayotgan ishiga qarasak, tushunish qiyin! Nafs balosi tiyilmas ekan, bunga qarshi qarshi kurashish nihoyatda mushkul bo`ladi.

Mamlakatimiz 2008 yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo`shildi, bu esa davlatdan katta mas`uliyat va tegishli vazifalarni bajarishni talab etadi. E`tibor qaratadigan bo`lsak, “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O`zbekiston 2020 yilga nisbatan 6 pog`onaga yuqorilab, 180 davlat ichida 140-o`rinni egalladi. Eng ilg`or davlat o`ntaligi qatoriga esa, Daniya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Singapur, Shvesiya, Shveysariya,  Niderlandiya,  Lyuksemburg,  Germaniya davlatlari kiradi. To`g`ri ancha oldinga siljishlar bor, ammo bu ko`rsatkichlardan ham aytib turibdiki, xoli oldimizda bu illatga qarshi kurashish uchun keng jamoatchilik oldida ancha vazifalar turibdi.

   Olib borilayotgan islohotlar nimalarda ko`rinmoqda?

Qayd etish lozimki, oxirgi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ko`plab ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risidagi alohida qonun, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi, alohida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog`liq alohida qo`mita va boshqa ijobiy ishlarni ham sanab o`tish lozim. Qolaversa, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko`rib chiqish tizimi tubdan takomillashtirilib, Prezidentning Xalq va Virtual qabulxonalari, “Ishonch telefoni” hamda har bir vazirlik va davlat idoralarining “ishonch telefonlari”, “virtual qabulxonalari” tashkil qilinib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta`minlash maqsadida barcha darajadagi davlat idora rahbarlarining “sayyor qabullar”ni o`tkazish amaliyoti yo`lga qo`yildi. Shuningdek, korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – davlat boshqaruvi tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy etish yo`lga qo`yildi.

Davlat Rahbari  o`zining ko`plab nutqida ham, korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish bo`yicha ta`sirchan choralar amalga oshirishni alohida ta`kidlab o`tdilar.

Darhaqiqat, mazkur illat bilan birgina Prezident, tegishli vakolatli idora vakillari  shug`ullangan bilan, biz kutgan yuqori natijaga erishish qiyin, buning uchun jamiyat birgalikda kurashishi lozim, shundagina yuksak maqsadlarni mo`ljallash mumkin.

Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ota va onaning oilaviy tarbiyadagi o`rni va roli benihoya darajada yuqori hisoblandi. Farzandni to`g`rilikka, halollikka, toza luqmaga yoshlikdan o`rgatsa, buning natijadorligi albatta jamiyatda seziladi. Misol tariqasida, Germaniya davlatiga ishchi guruh a`zosi sifatida tashrif buyurganimizda, ba`zi davlat xizmatchilariga savol bilan murojaat qilganimizda  korrupsiya nimaligini tushunmadi, hattoki, bu tushunchani eshitmaganligini ham aytib o`tdi. Biz yotig`i bilan tushuntirganimizda keyin ular, biz o`z ish o`rnimizdan ayrilishdan qo`rqamiz va bunday illatga qo`l ham urmaymiz degan fikrlarni aytishdi.  Ko`rganimizdek, mas`uliyat, javobgarlik,  o`z ishiga sodiqlik hamda qonunga itoatkorlik yuqori darajada. Savol tug`iladi, bizda-chi? Demak, birinchi galda aholining o`zi bu illat bilan kurashishi,  salbiy holat ekanligini chuqur huquqiy anglashi va oqibatlarini ongli ravishda tushunishi kerak.  

Misol tariqasida, namuna sifatida aytiladigan Singapur davlati Li Kuan Yu rahbarligida halol markaziy kuch, jazoning muqarrarligi hamda davlat xizmatchilarining mehnatiga yaxni haq to`lash va ularning halol mehnatini rag`batlantirish tamoyillari orqali korrupsiyani yo`q qilish bo`yicha muvaffaqiyatga erishgan.

Ta`kidlash lozimki, 2022 yildan boshlab, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yangi vakolatlar berildi. Endilikda Agentlik huquqni muhofaza qiluvchi organlarning elektron ma`lumotlar bazalaridan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to`g`risidagi ma`lumotlarni olishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyat ishinin qo`zg`atish yoki boshqa ta`sir chorlarini ko`rish uchun   korrupsiya faktlari to`g`risidagi xabarlarni yuborish va natijalari bo`yicha qabul qilingan qaror to`g`risida ma`lumotni talab qilib olishi mumkin.

Xulosa o`rnida:

 Kelgusi amaliyotda, mansabdor shaxslarning mol-mulk deklarasiyalarini o`z vaqtida topshirilishini nazorat qilish, ularning qonuniyligini tekshirib borish, ularning ochiqligi ta`minlashni belgilab qo`yish; jinoyat qonunchiligida korrupsiya bilan bog`liq jinoyatchilik uchun  javobgarlikni kuchaytirish, eng asosiysi, korrupsiyaga qarshi tarbiyani oiladan, maktabgacha ta`lim muassalalaridan boshlash, ya`ni farzandlarimizni bolaligidan korrupsiyaga qarshi murosasiz tarbiyalash, ertamizning faravonligini ta`minlashning muhim garovi bo`lib xizmat qiladi.

Qolaversa, ko`plab o`rnak oladigan xalqlar singari biz ham, xalq ruhiyatini sog`lomlashtirish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, huquqiy ongi yuksaltirish, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishishimiz lozim bo`ladi.

                             Sh.X.Zulfiqorov

            yuridik fanlar doktori,  professor

 

    Boshqa yangiliklar