AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda Prezident tashabbusi bilan o`tkazilgan insholar tanlovi g`oliblari aniqlandi

'Qashqadaryoda Prezident tashabbusi bilan o`tkazilgan insholar tanlovi g`oliblari aniqlandi'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatida taniqli kinoijodkorlar, madaniyat arboblari ishtirokida madaniy-ma`rifiy tadbirlar bo`lib o`tdi.

Shuningdek, viloyat bo`ylab O`zbekiston Kinematografiya agentligi va Xalq ta`limi vazirligi hamkorligida insholar tanlovi ham tashkil etildi. Kuni kecha umumta`lim maktablari o`quvchilari uchun “Muhabbat bahori” filmi ilk marotaba premera qilinib, film asosida “Kino qahramonlaridan o`rnak olamiz” mavzusida insholar tanlovining yakuniy bosqichi o`tkazildi.

Tadbir haqida Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov batafsil ma`lumot berdi:

— Maktab o`quvchilari o`rtasida filmlar namoyishi va insholar tanlovini o`tkazish tashabbusi O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga tegishli. Bugun ushbu g`oya hayotga tatbiq etildi. Mazkur tanlov 170 mingga yaqin o`quvchini qamrab oldi. Tanlov doirasida maktab o`quvchilari uchun turli janrlarda ishlangan filmlar namoyish etildi. Finalgacha esa 45 nafar o`quvchi etib keldi. Yakuniy bosqichda o`quvchilar uchun o`zbek xalqining suyukli shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiyaning hayoti, ijodi, o`zaro muhabbati va sadoqati haqida hikoya qiluvchi filmning ilk premerasi taqdim etildi. Ushbu tanlovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun hamkorlarimiz – O`zbekiston Prezidenti adminstrasiyasi, Xalq ta`limi vazirligiga shuningdek, Yozuvchilar uyushmasiga minnatdorchilik bildiramiz, — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov., — deya izoh berdi Firdavs Abduxoliqov.

Qayd etish lozimki, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” filmi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan. Film O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya va jamoat arbobi, shoir Hamid Olimjon hayoti va ijodiga bag`ishlangan.

— Ushbu filmni suratga olayotganimda uni birinchi navbatda maktab o`quvchilari ko`rishi lozimligini bilardim va bundan juda xursandman. Bu men uchun rejissyor sifatida katta sovg`a bo`ldi, – dedi film rejissyori Ibrohim Rasulov.

Bolalar filmni tomosha qilgandan so`ng o`z taassurotlarini insho shaklida yozib berdilar. Hakamlar hay`ati tomonidan eng yaxshilari aniqlanib, g`oliblarga qimmatbaho sovg`alar topshirildi. Shuningdek, tanlovda ishtirok etgan barchaga faxriy yorliq va esdalik sovg`alari taqdim etildi.

— O`quvchilar o`rtasida bunday tanlovlar ko`p o`tkaziladi, ammo bu galgi tanlov ular uchun g`ayrioddiy va esda qolarli kechdi. O`zbekistonning buyuk shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya ijodini o`rganish maktab o`quv dasturiga kiritilgan va bu borada filmlar tomosha qilish, insholar yozish bolalarning dunyoqarashini kengaytirishiga ishonchimiz komil. O`ylaymanki, bu kabi tashabbuslar ta`lim sifatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi, – dedi Xalq ta`limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova.

Tanlov finaliga qadar 45 nafar o`quvchi etib keldi. Ularning barchasiga “O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida” turkumiga oid kitoblar sovg`a sifatida taqdim etildi. Barcha sovrinli o`rinlarni qizlar qo`lga kiritgani ham e`tiborga molik. Tanlovda birinchi o`rinni O`ktamova Sevinch, ikkinchi o`rinni Xushmurodova Nilufar egallagan bo`lsa, uchinchi o`rin Yaxshieva Sevinchga nasib qildi. Insholar tanlovining g`oliblariga mukofotlarni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o`rinbosari Nodir Xolbo`taev, Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov, Xalq ta`limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova va boshqalar tantanali ravishda topshirishdi. 

Tanlov g`olibi, Shahrisabz tumanidagi 24-maktabning 9-sinf o`quvchisi Sevinch O`ktamova tadbir haqida o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashdi.

– Kino qahramonlaridan o`rnak olamiz” mavzusida o`tkazilgan insholar tanlovi bizni juda ham ilhomlantirdi. Biz ko`p filmlarni tomosha qilamiz, lekin ular haqida o`z fikrimizni yozmaymiz. Bunday imkoniyat mazkur tanlovda taqdim etildi. Maktab o`quvchilariga shunday ajoyib imkoniyatlar yaratib bergani uchun Prezidentimizdan juda minnatdorman. “Muhabbat bahori” filmi menda katta taassurot qoldirdi. Tanlovda faxrli birinchi o`rinni egallanimdan xursandman, ushbu yutuqni nafaqat o`zimning, balki ustozlarim va ota-onamning yutug`i deb bilaman, – dedi Sevinch O`ktamova.

    Boshqa yangiliklar