15 may kuni 647/648-sonli Nukus–Beyneu–Nukus yo`nalishidagi yo`lovchi poezdining qatnovni boshlanadi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar bermoqda.
16 maydan boshlab esa Olma-ota-2–Toshkent–Olma-ota-2 yo`nalishida 1/2-sonli (“Tulpar-Talgo”) poezd qatnovi yo`lga qo`yiladi.
Ta`kidlash joiz, Qozog`iston davlat chegarasidagi o`tish punktlari orqali Qozog`istonga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19ga test sinovidan o`tgani haqida (qozoq, rus yoki ingliz tilida) ma`lumotnoma (chegaradan o`tishdan oldin kamida 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda bo`lishi) taqdim etishi shart.
Quyidagi toifa shaxslardan ma`lumotnoma talab qilinmaydi:
- Qozog`iston bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga asosan Qozog`iston hududida haqiqiy deb tan olinadigan COVID-19ga qarshi emlanganlik pasporti/sertifikati/ma`lumotnomasiga ega shaxslar;
- Qozog`iston Respublikasida COVID-19ga qarshi revaksinasiya yoki to`liq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan so`ng Qozog`iston Respublikasi chegarasini kesib o`tish vaqtida 6 oydan oshmasa);
- 5 yoshgacha bo`lgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga bo`lgan) shaxsda ushbu ma`lumotnoma mavjud bo`lsa;
- Qozog`iston Respublikasi hukumat delegasiyalari a`zolari;
- Lokomotiv brigadalari, temir yo`l, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar.
Qozog`istonga Evroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarboyjon, Moldova, Tojikiston va O`zbekistondan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, “Puteshestvuyu bez COVID-19” ilovasidan ro`yxatdan o`tishlari talab etiladi.
Tana harorati yuqori bo`lgan shaxslar aniqlangan holatlarda, ma`lumotnomaning mavjudligidan qat`i nazar, yuqumli shifoxonada izolyasiya qilinadi.






