AsosiyJamiyat

Davronbek Maxsudov: 16 mingdan ziyod inson “qora ro`yxat”dan chiqarildi

'Davronbek Maxsudov:  16 mingdan ziyod inson “qora ro`yxat”dan chiqarildi'ning rasmi

Avvalroq, “Deklarasiyalar muloqoti" xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminarlar boshlangani haqida xabar bergan edik.

Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining birinchi o`rinbosari Davronbek Maxsudov forum ahamiyati haqida gapirdi:

"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan tashabbus asosida 2018 yili BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyaning amaliy ifodasi mamlakatimizda diniy-ma`rifiy sohada olib borilayotgan islohtlarda yaqqol ifodasini topmoqda. Xususan, turli g`arzli kuchlar ta`sirida diniy-ekstremizm faoliyatiga adashib kirib qolgan 16 mingdan ziyodi inson huquqni muhofaza qilish organlari “qora ro`yxati”dan chiqarildi.

Shuningdek, bugungi kungacha o`tkazilgan “Mehr” operasiyalari doirasida Suriya, Iroq va Afg`onistonda og`ir ahvolga tushib, chorasiz qolgan 500 nafardan ziyod ayollar va bolalar O`zbekistonga olib kelindi. Ular yangilanayotgan, inson erki va huquqlari qadrlanadigan yurtimizda o`zlarining yangi hayotini boshlashdi.

Ma`lumki, 2021 yilning 5 iyul kuni O`zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun konfessiyalararo totuvlikni ta`minlash, jamiyatda turli din va e`tiqod vakillari o`rtasida o`zaro bag`rikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos bo`lib xizmat qilishini alohida ta`kidlab o`tish lozim.

2017-2021 yillarda diniy ta`lim tizimi ham tubdan takomillashtirildi, yangidan-yangi ta`lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo`lga qo`yildi.

Hozirgi kunda respublikamizda dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan etuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta o`rta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma`naviy merosini har tomonlama o`rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish maqsadida O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qashqadaryoda Abul Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi.

Diniy-ma`rifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini jahon afkor ommasiga etkazish hamda O`zbekistonning ziyorat turizmi borasidagi salohiyatini keng namoyon etish maqsadida bir qator xorijiy davlatlar bilan keng hamkorlik aloqalari yo`lga qo`yildi. Jumladan, Buyuk Britaniya, Marokash, Vengriya, Saudiya Arabistoni, Qozog`iston, Tojikiston, Qirg`iziston, Indoneziya, Yaponiya, Turkiya, Misr, Rossiya, Germaniya, Ispaniya, AQSh, Malayziya, Hindiston, Pokiston singari davlatlarning diniy sohaga mas`ul turdosh vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ta`lim muassasalari bilan 70 dan ortiq hamkorlik memorandumi imzolandi.

Respublikamizda turli dinlarga e`tiqod qiluvchi insonlarning barcha ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib, diniy bayramlarini keng miqyosda nishonlashlari uchun ham har tomonlama shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Jumladan, musulmonlarning ikki hayit bayrami, nasroniylarning Pasxa va Rojdestvo bayrami, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari keng nishonlanmoqda. Ushbu sanalarda konfessiya etakchilari bir-birlarini o`zaro bayram bilan tabriklashlari yaxshi an`anaga aylangan.

Ma`lumki, yurtimizda har yili 16 noyabr – Xalqaro bag`rikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar mas`ullari ishtirokida xalqaro konferensiya o`tkazish yaxshi an`anaga aylangan.

Mazkur sana munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni o`z ichiga qamrab olgan “Bag`rikenglik haftaligi”ning o`tkazilishi – jamiyatda bag`rikenglik g`oyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari o`rtasida o`zaro do`stlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotgani alohida e`tirofga loyiq.

Forum haqida qo`shimcha ma`lumotlarni Darakchi.uz da kuzating.

    Boshqa yangiliklar