AsosiyJamiyat

Mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish punktlari tashkil etiladi

'Mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish punktlari tashkil etiladi'ning rasmi

“Aholiga narkologik yordam ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–244-son, 16.05.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.  

 Qarorga ko`ra, ichki ishlar organlariga o`z tashabbusiga ko`ra narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish yuzasidan hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish huquqi berildi.  

2023 yil 1 yanvardan:

➖narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo`yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o`zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshiriladi;

➖narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi ma`lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratiladi.

Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to`g`risidagi ishlarni elektron tarzda sudlarga yuborish va sudlar tomonidan ularni videokonferensaloqa rejimida ko`rib chiqish mumkin.

2023 yil 1 yanvardan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarining ambulator va stasionar bo`limlarida tibbiy psixolog yoki psixoterapevt lavozimlari joriy etiladi.

Qarorga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida kamida 10 o`rinli mastlik holatida bo`lgan shaxslarga tibbiy yordam ko`rsatish tumanlararo punktlari (2022 yilda 114 ta, 2023–2024 yillarda 20 ta) tashkil etiladi.  

 

🔘Shuningdek, 2022 yil yakunigacha narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun narkologiya dispanserlarida qo`shimcha 430 ta o`rin tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar