Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev kecha O`zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi parlament delegasiyasini qabul qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Parlament quyi palatasi ma`lumotiga ko`ra, uchrashuvda Ozarbayjon tarixiy, til va madaniy mushtarakliklari bilan bog`langan qardosh O`zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi ta`kidlandi.
Ikki tomonlama ko`p qirrali munosabatlarning rivojlanish dinamikasi yuqori baholanib, o`zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Samimiy muloqot chog`ida O`zbekiston va Ozarbayjon o`rtasidagi ko`p tomonlama aloqalarni izchil rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.
Spiker Nuriddinjon Ismoilov Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievga 28 may – Ozarbayjon Mustaqilligi kuni munosabati bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tabrik maktubini topshirdi.
Ochiq va samimiy ruhda o`tgan uchrashuvda ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.






