AsosiyDunyo

O`zbekistonning sa`y-harakatlari AQShda e`tirof etilmoqda

'O`zbekistonning sa`y-harakatlari AQShda e`tirof etilmoqda'ning rasmi

Poytaxtimizda bo`lib o`tayotgan “Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumi ishtirokchisi, AQSh Brigama Yanga universiteti Joshua Ruben Klark nomli yuridik maktabi vakili Doktor Erik Jensen anjuman haqidagi fikrlarini O`zA o`quvchilari bilan o`rtoqlashdi.

- Fikrimcha, bugungi kunda din mavzusi o`ta muhim va dolzarb. Statistika muayyan davlatning diniy ozchilik vakillariga munosabati shu mamlakat ichki vaziyatiga bevosita ta`sir etishini ko`rsatmoqda.

Qaysiki yurtda aholining har qanday toifasi o`z dini, e`tiqodini erkin namoyon qilarkan, odatda, o`sha zaminda fuqarolar o`zlarini shu Vatanga daxldor, barcha jarayonlarga jalb etilgan his etadilar. Pirovardida aynan shu holat milliy xavfsizlik mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Diniy e`tiqod erkinligi, bu avvalo, hukumat diniy ozchilik vakillarini jamiyatdan ajratib qo`ymasligi, ularni ta`qib etmasligi, boshqa yurtlarga ko`chib ketishga majbur qilmasligi bilan bog`liq.

To`g`ri, zamonaviy dunyomiz diniy ekstremizm tushunchasidan butunlay xoli, deya olmaymiz. Insonlarning vazifasi, shunday salbiy g`oyalar ta`siriga tushib qolgan kishilarga milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, turli yo`llar bilan yordam berishdir.

Shu o`rinda ayni yo`nalish bo`yicha O`zbekistonda so`nggi yillar sezilarli ijobiy o`zgarishlar yuz berganini ta`kidlab o`tishim kerak. Respublika yildan-yilga e`tiqod erkinligi sari peshvoz chiqib boryapti. Hukumat din va e`tiqod sohasini milliy xavfsizlikni qo`llab-quvvatlash masalasi bilan uyg`un muvofiqlashtirib boryapti. 

AQSh mazkur masalani jahonning barcha mamlakatlari kesimida diqqat bilan kuzatib boradi va O`zbekiston bu borada sezilarli darajada ijobiy o`sishga erishganini e`tirof etadi, mamlakatingizning ayni yo`nalishdagi sa`y-harakatlarini yuqori baholaydi. Mendek sohada xizmat qilayotgan insonlar – mutaxassislar uchun bu juda muhim va quvonchli.

    Boshqa yangiliklar