AsosiyJamiyat

O`zbekistonda “Ma`naviyat” festivali o`tkaziladi

'O`zbekistonda “Ma`naviyat” festivali o`tkaziladi'ning rasmi

Joriy yilning 19-may kuni O`zbekiston tasviriy san`at galeriyasida “Ma`naviyat festivali” Matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Tadbirda “Yangi O`zbekiston – ma`rifatli jamiyat” shiori ostida o`tkaziladigan “Ma`naviyat festivali” doirasida 14ta hududda 18ta ijtimoiy loyiha doirasida respublika bo`ylab tadbirlarni amalga oshirish, ilm-fan, madaniyat, san`at, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafar “Ma`rifat” targ`ibotchilar jamiyati a`zolarini jalb etish, bu orqali 3 mlnga yaqin aholini qamrab olish rejalashtirilayotgani ma`lum qilindi. 

Shuningdek, “Uchinchi Renessans – ma`rifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ`ib qilishga qaratilgan “Ma`rifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg`a qilaman” aksiyalari, “Yangi Uyg`onish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” shiori ostida kitob ko`rgazmalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Ma`rifat soatlari”, “Milliy qadriyatlar” haftaligi, yurtimizda farzandlari turli sohalard katta yutuqlarga erishgan, xalqaro fan olimpiadalari va sport musobaqalarida yuqori o`rinlarni egallagan yoshlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening farzandim – O`zbekiston faxri!” shiori ostida respublika anjumani ham bo`lib o`tishi ta`kidlandi. 

O`zbek musiqa san`atining ko`p asrlik ijro yo`llari, qadimiy tarixi, noyob san`atini keng targ`ib qilish, aholi kayfiyatini ko`tarishga qaratilgan “Milliy qo`shiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, mahallalarda sog`lom ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini ta`minlash, oilaviy ajrimlarni oldini olish, yoshlar tarbiyasiga mas`uliyatsiz qarash, erta nikoh kabi illatlarga barham berishni maqsad qilgan “Oila – ma`naviyat qo`rg`oni” nomli psixologik suhbatlar, soha mutaxassislari ishtirokida amaliy mashg`ulotlari tashkil etiladi. Shu bilan birga yurtimizda imkoniyati cheklangan bo`lsada, foydali mehnat bilan shug`ullanib, jamiyatda munosib o`rin topgan hamda o`sib kelayotgan yosh avlodga o`rnak bo`layotgan yurtdoshlarimizning erishgan yutuqlarini targ`ib etish maqsadida “Inson qadri” shiori ostida ijtimoiy roliklar tayyorlanadi va “Mehr muruvvat va saxovat” tadbirlari, jismonan sog`lom avlodni shakllantirish, aholi o`rtasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish maqsadida turli sport yo`nalishlari bo`yicha ma`naviy-ma`rifiy tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar o`rtasida “Ma`naviyat kubogi” sport musobaqalari o`tkaziladi.

Shuningdek, festival doirasida “Ziyolilar forumi” o`tkazilishi ham belgilangan bo`lib, bu orqali jamiyatda uzluksiz ma`naviy-ma`rifiy tarbiya va targ`ibot tashviqot ishlarini tashkil etishning kreativ va innovasion usullari hayotga tatbiq etish, milliy ma`naviyatimizni rivojlantirish, joylardagi targ`ibotchilarni jamiyatdagi o`rni va nufuzini, g`oyaviy- targ`ibot ishlarni zamon talablariga mos ravishda amalga oshirishga erishish rejalashtirilgan.

Festival doirasida O`zbekiston qahramonlari ishtirokida “O`zbekiston Qahramonlari” hamda “Ma`naviyat. Asosiy tushunchalar lug`ati” kitoblarining taqdimoti ham tashkil etiladi. Aytish kerakki, yurt ravnaqi uchun xizmat qilgan, bor kuch-imkoniyatlarini Vatan taraqqiyoti uchun safarbar etgan ajdodlarimiz avlodlar uchun hamisha katta ibrat bo`lib kelgan. Shu boisdan ham bu kabi uchrashuvlar yosh avlod qalbida ilmga tashnalik, har bir islohotga daxldorlik hissini oshirishga sabab bo`lishi shubhasiz.

Yillar davomida shakllangan xalqimizning milliy ta`lim-tarbiya uslublari, o`zbekona oila modeliga asoslanib bolalarning ma`naviy dunyosini boyitish, odob-axloq qoidalariga amal qilishni o`rgatishga qaratilgan “Zukko Bolajon!” nomli fotoalbomni hududlardagi Maktabgacha ta`lim tashkilotlarida keng targ`ib etish va taqdimotlari o`tkazilib, maktabgacha ta`lim tashkilotlari fotolabomda aks ettirilgan suratlar bilan bezash ishlari amalga oshiriladi. Festival doirasida bolajonlar uchun amalga oshiriladigan yana bir loyiha bu — “Baxtli bolalik sharafiga” loyihasi. Mazkur loyiha davomida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning bolalari uchun konsert dasturlari hamda ularni qiziqtiradigan turli ko`ngilochar o`yinlar bo`lib o`tadi.

Tadbirning ikkinchi qismida o`zbek milliy kulolchilik namunalari ko`rgazmasi bo`lib o`tdi. Unda g`ijduvonlik sopolsoz usta Ibodulla Narzullaev hamda uning farzandlari, kulolsozlarning oltinchi avlod vakillarining ijod namunalari namoyish etildi. Milliy buyumlar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg`otdi.

    Boshqa yangiliklar