Joriy yilning 5 may kuni Prezident raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazilganligi haqida xabar bergan edik. Yig`ilish davomida tez tibbiy yordam mashinalarida zamonaviy navigasiya jihozlarining yo`qligi, 10 mingta ko`chalarga haligacha nom, 500 mingga yaqin uylarga raqam berilmaganligi haqida alohida to`xtalib o`tgan davlatimiz rahbari tez tibbiy yordamdagi muammolarni echishni hokimlarga yuklagandi.
Bugun Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari Mahmudjon Parpiev Qashqadaryo viloyatida xizmat safarida bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatini takomillashtirish bo`yicha o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida belgilangan vazifalar ijrosi bo`yicha o`rganish olib bordi.
Senator, jumladan, bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida bo`ldi. Muassasada tibbiyot sohasini xalqqa yanada yaqinlashtirish maqsadida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, joylardagi tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmati muassasalari faoliyatidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan hududiy dasturni ishlab chiqish jarayoni bilan tanishdi.
Xususan, tez tibbiy yordam brigadalari uchun olis tumanlar orasidagi xizmat qilish hududlari chegaralarini aniq belgilash, poliklinikalarda 24 soatlik navbatchilik postlarini tashkil etish masalalariga alohida e`tibor qaratdi.






