Dam olish kunlari respublika bo`yicha jala yomg`irlar yog`ishi va shamolning kuchayishi kutilmoqda. Bu haqda "O`zgidromet" xabar qildi.
Ma`lum qilinishicha, bugun respublika bo`yicha havo biroz bulutli bo`ladi, ba`zi joylarda o`zgarib turadi, yog`ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg`ona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida va Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida kechga tomon konvektiv bulutlar rivojlanishida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Tog` oldi va tog`li hududlarda yomg`ir yog`adi, ba`zi joylarda kuchli bo`lishi mumkin.
Kunduzi havo harorati 27-32° bo`ladi.
Ertaga respublika hududlariga Kavkaz hududlaridan nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog`istonda, Xorazm viloyatida qisqa muddatli yomg`ir yog`adi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Farg`ona vodiysi viloyatlarida va kechga tomon Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida harorat 27-32° atrofida bo`lgan quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi respublikamizning barcha hududlariga tarqaladi. Ko`pchilik viloyatlarda jala yomg`irlar yog`adi, tog` oldi va tog`li hududlarda kuchli bo`ladi. Qoraqalpog`istonda, Xorazm viloyatida yog`ingarchilik kutilmaydi, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa ertalab yomg`ir to`xtaydi. Havo harorati kunduz kuni 18-23° gacha pasayadi, bu me`yordan 4-6° ga pastdir.
20-22 mayda respublika bo`yicha shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 21 mayda shimolda va cho`l hududlarida, 22 mayda respublika bo`yicha ba`zi joylarda 23-28 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to`zon kuzatilishi mumkin.
23 may dushanba kuni respublikaning deyarli barcha hududlarida kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi, faqat Farg`ona vodiysi viloyatlarida kechasi va ertalab ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi mumkin.
Kechasi va ertalab havo harorati sezilarli darajada pasayadi va 10-13° atrofida bo`ladi, kunduz kuni esa quyosh nurlari havoni 23-28° gacha isitadi.
20-23 mayda rsepublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga keldishi mumkin.






