Xabaringiz bor, avvalroq xalqaro ekspertlar “omikron”ning yangi versiyalari dunyo bo`ylab keng tarqala boshlaganidan xavotir bildirishgan edi. BA.2.12.1 subvarianti — shulardan biri.
Mazkur mutasiyaning o`chog`i Nyu-York shahri hisoblanadi. U butun Qo`shma Shtatlarni shiddat bilan “zabt” etmoqda. Hatto mamlakatning qator shtatlarida allaqachon dominantga aylanib ulgurgan.
Xo`sh, yangi variant nega mutaxassislarni bu qadar tashvishlantiryapti? SSV matbuot xizmati bu boradagi ma`lumotlarni taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, BA.2.12.1 boshqa mutasiyalarga nisbatan antitanachalarga osonroq “chap berish” xususiyatiga ega. Qolaversa, yuquvchanligi, transmissivligi “omikron”ning BA.2 versiyaga nisbatan 23-27 foiz yuqori.
Bu esa kasallikdan himoyalanish bir muncha qiyinlashishi va koronavirusga chalingan bemorlar soni sezilarli darajada ortishiga sabab bo`lishi mumkin. Sodda qilib aytganda, olimlar dunyoda pandemiyaning yangi to`lqini boshlanishidan tashvishda!
Ma`lumotlarga ko`ra, BA.2.12.1 subvarianti shu kungacha dunyoning kamida 23 mamlakatida qayd etilgan va u jahon bo`ylab yoyilyapti.
Jumladan, yangi shtamm kecha ilk bor sayyoramiz aholisining qariyb beshdan bir qismi yashaydigan Xitoy davlatida ham qayd etildi. Aniqlanishicha, kasallik Guanchjou shahriga Keniya mamlakatidan kelgan bemorda ro`yxatga olingan. Garchi u 14 kunlik karantinga olingan bo`lsa-da, yangi virus turini boshqa bemorlar ham yuqtirib olgan bo`lishi ehtimoli mavjud.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ana shunday murakkab epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, “omikron”ning olti yangi mutasiyasi — BA.4 va BA.5, BA.2.12.1, BA.2.9.1, BA.2.11 va BA.2.13 subversiyalarini “VOC-LUM” toifasiga kiritib, o`z kuzatuvi ostiga oldi.





