Amir Temur xiyobonida mast holatda noo`rin xatti-harakatlar sodir etgan ikki fuqaroning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvi yuzasidan Toshkent shahar sudi matbuot xizmati rasmiy ma`lumot berdi.
Qayd etilishicha, huquqbuzarlar: A. I. (1989 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan) va S. M. (1991 yil Toshkent viloyatida tug`ilgan) 2022 yil 17 may kuni soat 23:20 lar atrofida Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur xiyobonida noo`rin xatti-harakatlar sodir etgan.
Alkogolli ichimlik ta`siridan mast holda bo`lgan bu ikki fuqaro jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, IIO xodimlari e`tiborini tortgan. Natijada IIO xodimlari tomonidan shaxslariga aniqlik kiritish maqsadida ular IIB binosiga taklif etilgan. Biroq, jamoat tartibini buzayotgan bu ikki fuqaro IIO xodimlarini uyatli so`zlar bilan haqoratlab, ularning qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortgan.
Huquqbuzarlarga oid ma`muriy ish hujjatlari jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudining ish yurituviga 2022 yil 19 may kuni kelib tushgan. Shu kuni mazmunan ko`rilib, ularning har ikkisiga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bilan ushbu Kodeksning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan.






