1

Sahovatpeshalar Parkentdagi 7 nafar ehtiyojmand oilaga yangi xonadon qurib berishdi

Jamiyat 22.05.2022, 11:50
Sahovatpeshalar Parkentdagi 7 nafar ehtiyojmand oilaga yangi xonadon qurib berishdi

Yurtimizda mehr-muruvvatli, sahovatpesha insonlar bisyor. Shunday insonlar jamlangan “Himmat” hayriya fondi, “O`zbekneftgaz” AJ qoshidagi  “UNG petro”  korxonasi, Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi tashabbusi bilan bir guruh ehtiyojmand, boquvchisini yo`qotgan ko`pbolali oilalarga  7 ta xonadon qurib berildi. Joriy yilning 21 may kuni Parkent tumani “Boshqozon qo`rg`oni” mahallasida qad rostlagan zamonaviy uylarni o`z egalariga topshirildi. Xonadonlarning tantanali topshirish marosimida “O`zbekneftgaz” AJ xodimlari, “Himmat” hayriya fondi vakillari, Parkent tumani hokimligi mutasaddilari, mahalla faollari ishtirok etdi.  

Jamol Alimov, “Himmat” xayriya fondi etakchisi:

- 18 sotihdan iborat ushbu maydonni sahovatpesha tadbirkor tuhfa qildi. 2021 yilning 22 dekabr oyida qurilish ishlari boshlangan edi. Yaxshilarning duosi, ko`pchilikning sa`y-harakati bilan bugun ushbu xonadonlar o`z egalariga topshirilmoqda. Bu loyihamiz davomiy bo`lib, bundan keyin ham davom etadi. O`tgan yili ham bir nechta moddiy ko`makka muhtoj fuqarolarga uy-joylar tuhfa qilgan edik. Bundan tashqari fondimiz tomonidan boquvchisini yo`qotgan, nogironligi bor fuqarolarga turli xil ko`rinishdagi yordamlar berib kelmoqdamiz.  


 

Dunyoda har bir insonning o`z uyi bo`lgani yaxshi, - deydi “O`zbekneftgaz” AJ qoshidagi “UNG petro” korxonasi bosh direktori Mirzohid Musaev. – Yurtimizdagi ko`plab yaxshi insonlar hamkorligida tashkil qilingan bu loyiha Toshkent viloyatidagi boshpanasiz, nogironligi bor, moddiy yordamga muhtoj fuqarolarga amaliy ko`mak berib kelmoqda. “O`zbekneftgaz” AJ raisining tashabbusi bilan neftgaz tizimida ehtiyojmand oilalarga yordam berish ishlari yo`lga qo`yilgan. Bugun umumiy maydoni 2,5 sotihdan 7 ta xonadon to`liq ta`mirlangan holatda, jihozlari bilan qurib bitkazildi. Shunday yurtdoshlarimizni nafaqat uy-joy muammosiga yordam beramiz, balki  “UNG petro” korxonasi tarkibidagi 70 dan ortiq AYoQShlar faoliyat yuritadi. U erlarda mavjud bo`lgan bo`sh ish o`rinlariga ishga joylashishi ishlarini ham amalga oshirmoqdamiz.

Xonadon topshirish marosimida yangi xonadon sohiblari tantanali tarzda kutib olinib, homiylar tomonidan sovg`alar ham taqdim etildi. Shunday xonadon sohiblaridan biri Nurmetovlar oilasidir. Bugun ro`zg`or, oila tashvishi 4 nafar farzandi bilan yolg`iz qolgan xonadon bekasining zimmasida. Baxtiga katta farzandi Shahzod Jumaboev ham ulg`ayib, ro`zg`or kamchiliklariga ko`maklashmoqda. Bugungi kun quvonchlarini yashirolmay, shodliklarini biz bilan bo`lishdi.

Shahzod Jumaboev, yangi xonadon sohibi:

- Biz Parkent tumani Chotqol qishlog`ida yashardik. Bundan 4 yil avval otam vafot etdi. Men va ukalarimni boqish onamning zimmasiga tushdi. Biz ijarada yashardik. Yaxshi, sahovatpesha insonlar sabab, bugun uyli bo`ldik. Biz bu ishga o`z hissasini qo`shgan barchadan minnatdormiz. Kelajakda yaxshi o`qib, yurtimizga nafi tegadigan shaxs bo`lib etishish orzum. Men ham biz kabi qiyinchilikka duchor bo`lgan oilalarga yordam qo`lini cho`zaman.

Insonlarga ko`mak berish, og`irini engil qilish o`zbek xalqiga xos bo`lgan  qadriyat. Bugungi quvonchli kunning sababchilari ham bu savobli ishlari orqali jpmiyatimizda ehtiyojmand oilalar sonining kamayishiga umidvor. “O`zbekneftgaz” AJ hamda “Himmat” hayriya fondi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar yana davom etadi.

Fayzullo Yahyoev

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1