Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) matbuot kotibining ma`lum qilishicha, Toshkent shahridan 2-guruh nogironi, Chernobil AES qatnashchisi bo`lgan fuqaro M.N. imtiyozli asosda uy-joy olish bo`yicha murojaati tegishli organlar tomonidan qonun doirasida ko`rib chiqilmayotgani bo`yicha murojaat qilgan.
Ma`lum qilinishicha, murojaatchi oila a`zolari bilan noqulay sharoitda yashab kelgan. Qonunchilik normalarida Chernobil halokatidan ziyon ko`rgan O`zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga pul kompensasiyalari va imtiyozlar nazarda tutilgan bo`lishiga qaramay, uning uy-joy xarid qilish bo`yicha subsidiya ajratish haqidagi murojaati ijobiy hal etilmagan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o`rganilishi natijasida fuqaroning shu masalada bir necha yildan buyon tegishli idoralarga murojaat qilayotgani hamda uning murojaatini ko`rib chiqishda tegishli normativ hujjatlar me`yorlariga to`liq amal qilinmaganlik holatlari aniqlandi.
Qayd etilishicha, fuqaro murojaatini qonunchilik asosida ko`rib chiqish bo`yicha tegishli davlat idoralariga ombudsman tomonidan murojaat qilingan va natijada 2-guruh nogironi, Chernobil AES qatnashchisi bo`lgan fuqaro M.N.ga uy-joy xarid qilishi uchun subsidiya ajratilgan.






