1

San`atkorning sirli tori

Mutolaa 01.07.2016, 11:46
San`atkorning sirli tori

Tahririyatga kelgan maktublarni har birimiz qiziqib o`qiymiz. Ayniqsa, xatda g`aroyib hodisalar, sirli voqealar yozilgan bo`lsa. Ushbu Farg`ona viloyatida yashovchi Madamin Xolyorovdan kelgan noma ham ana shunday qiziqarliligi bilan barchamizning e`tiborimizni tortdi. 

Bu voqeani bizga bobom juda ko`p aytib berardi. Garchi takror va takror eshitgan bo`lsak-da, har safar jimgina, katta qiziqish bilan eshitardik. Uni eshitganimiz sari uydagi jihozlarning, anjomlarning qadriga etar, xuddi joni bordek avaylab munosabatda bo`lardik. Kim bilsin, bobom balki bu voqeani aynan buyumlarni asrashni o`rganishimiz uchun aytib bergandir? Lekin men hamon uning bo`lib o`tganiga va hamon shunday  hodisalar bo`lishiga ishonaman.

To`ylarga borsam, biror san`atkorning qo`lida tor ko`rsam, do`stim Asliddin esimga tushadi, — deb gap boshlardi bobom har gal. — U ham to`ylarga qo`lida tori bilan borar, shirali ovozi bilan davraga fayz va kayfiyat baxsh etardi. Uning ilgari shunchaki xirgoyi qilib yurishini bilardik. O`sha chog`larda ham qo`shiq boshlashi bilan hammamiz jimib qolar, uning ovozida afsunlangandek chayqala boshlardik. Boshida u shu holda kuylab yurdi. Hech bir sozsiz, musiqasiz ham uni tinglaydiganlar bor edi. Bir yoz o`zi taklif etilgan to`ylarni shu holda o`tkazdi. Kech kuzda esa uni bir katta hofiz shogirdlikka olgani haqida eshitdik. Qishi bilan u o`sha kishining uyiga qatnab soz sirlarini o`rgandi. Erta bahorning iliq kunlaridan birida esa, u biz jo`ralarining uyiga birma-bir kirib taklif qilib chiqdi.

—  Kechga biznikiga bor. Zo`r narsa ko`rsataman. Esingdan chiqmasin, bor. Zo`r narsa bor, — derdi u hayajon bilan. 

Biz ham uni bu qadar to`lqinlantirgan narsa nima ekanligiga qiziqib yugurgilab bordik. Uyga kirishimiz bilan u oq surpdan g`ilof tikilgan torni avaylab qo`liga oldi. 

—  O`tiringlar, endi ertalabgacha qolib ketasizlar. Turgilaring kelmay qoladi, — dedi u ko`zlari yonib. 

Keyin esa bizga bir-biridan ajoyib kuylar chalib bera boshladi. Uch-to`rtta taronadan keyin musiqa jo`rligida quylashni boshladi. Musiqa va uning ovozi bir-biriga shunchalar hamohang, shunchalar uyg`un ediki, mahliyo bo`lib, mast kishidek tebranib eshitdik. Shu-shu har kech biz uning uyidan joy oluvchi tinglovchilariga aylandik. Gohida u tonggacha kuylar, charchash neligini bilmasdi. Keyin yana yoz keldi. To`ylar boshlandi. 

—  Ustozim bu torni menga sovg`a qildi. Bir umr yo`ldoshing, baraka oshing  bo`lsin, dedi, — deya to`lqinlanib keldi bir kuni u.

Shundan so`ng u to`ylarga torda chiqa boshladi. Oshig`i olchi bo`ldi. Asliddin hofiz deb uni hurmatlaydigan bo`lishdi. Old san`atkorlardan biriga aylandi.  Hamma ham uni o`z to`yiga chaqirishni istardi. 

Asliddin mashhur va taniqli bo`lgan bo`lsa-da, o`zini yo`qotmadi. Chin dildan chaqirgan, bechorahol kishilarnikiga pulsiz ham boraverardi. Topganini esa yaqinlari va nochor qishloqdoshlarimiz bilan bo`lishardi. 

Ana shunday kunlarda u o`zi singari to`ylarda qo`shiq kuylab yurgan bir yigit bilan tanishadi. Ular do`st tutinishdi, bordi-keldi qilishdi. Buni qarangki, o`sha yigit undan bir kuni torini so`raydi. Garchi o`zida bunaqa torlardan ikkita-uchta bo`lsa-da, aynan Asliddinnikini so`raydi:

—  Jo`ra, xohlasang, senga o`rniga ikkita torimni beraman. Sen menga o`zingnikini ber. Meniki ham yomon emas. Ishonmasang, chalib ko`r. Senikining nimasidir yoqdi-da!

Bu gapni eshitib biz elka qisdik. Lekin buvisi bilan yashovchi Solijon irimkashligini boshladi:

—  Berma! Uni senga ustozing baraka oshing bo`lsin deb bergan! Barakangni uchirma! 

—  Uning tori menikidan zo`r. Chalib ko`rdim, — Asliddinning alishgisi kelayotgani yuzidan ma`lum edi.

Xullas, ular torlarini almashishdi. Ishonasizmi, o`sha kundan boshlab, Asliddindan omad yuz o`girgandek edi. Xuddi avvalgidek kuylar, tori ham jarangdor, lekin odamlarni o`ziga torguvchi nimadir yo`qolgandek. Bir oy ichida u el ichida nazardan qoldi. To`ylarda o`sha tor almashgan o`rtog`i endi bosh-qosh edi. 

Toridan ayrilgan Asliddin ana shu tarzda obro` va iste`dodidan judo bo`ldi. Oxiri bu kasbini tashlab dehqonchilik qilib ketdi. O`sha-o`sha biz odamlar bilan birga nimadir hamroh va risqining barakachisi etib berilishiga ishondik. Agar sizga nimadir omad va baraka keltirayotganini sezsangiz, aslo qo`ldan boy bermang.

Bobomning shu hikoyasi hamon bizga dunyoning yana bir sinoati haqida so`zlagandek bo`ladi.
KAMINA yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1