AsosiyJamiyat

Sardor Umurzakov OTB vise-prezidenti bilan uchrashdi

'Sardor Umurzakov OTB vise-prezidenti bilan uchrashdi'ning rasmi

Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida Bosh vazir o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vise-prezidenti Ashok Lavas bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik xabar bermoqda.

Ma`lum qilinishicha, tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, sog`liqni saqlash, ta`lim va ijtimoiy sohalarda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda qo`shma loyihalarni ko`rib chiqishgan. 

Uchrashuv chog`ida O`zbekiston va OTB o`rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.

"OTB rahbariyati so`nggi yillarda O`zbekistonda iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida xususiy sektorning rolini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ma`lum qildi. Shu munosabat bilan xususiy sektor loyihalarini, ayniqsa, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo`llab-quvvatlash uchun Bank resurslarini jalb qilishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi",-deyiladi xabarda.

Ashok Lavasa Bank DXSh sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini ta`kidlagan. 

"DXSh mexanizmlaridan foydalangan holda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi maktab va boshqa muassasalarni modernizasiya qilish, shuningdek, Andijon va Buxoroda ko`p tarmoqli shifoxonalar qurish loyihalarining hamkorlik kun tartibiga kiritilgani bundan dalolat beradi",-deya qayd etiladi.

Uchrashuv davomida amaldagi loyihalarni ilgari surish, transport, elektr energiyasi va sog`liqni saqlash sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun davlat-xususiy sheriklik mexanizmini ishlab chiqish va joriy etishga OTB mutaxassislarini jalb qilish, O`zbekistonda tijorat banklariga taqdim etilayotgan kredit liniyalari hajmini kengaytirish bo`yicha chora-tadbirlar kelishib olingan.

Shuningdek, alohida loyiha va tashabbuslar bilan bog`liq masalalar, jumladan, O`zbekiston hududlaridagi boshlang`ich maktablarni modernizasiya qilish va jihozlash dasturi, “O`rta ta`limda STEM (fan, texnologiyalar, muhandislik va matematika) metodologiyasini joriy etish” loyihasi, shuningdek, “We-Fi” tadbirkor ayollarni qo`llab-quvvatlash dasturi ko`rib chiqilgan.

    Boshqa yangiliklar