Shuningdek, bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida Prezident endilikda yaxshi natija ko`rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va boshqa mutaxassislarga qo`shimcha 50 foizgacha ustama to`lanishi hamda jamoaviy sport turlari bo`yicha hududiy chempionatlarda sportchilari g`olib bo`lgan trenerlarga 5 foiz, respublika chempionatida — 20 foiz ustama berilishini ta`kidladi.
Bundan tashqari, Sportni rivojlantirish vazirligiga:
- 279 ta bolalar va o`smirlar sport maktablaridagi shart-sharoitlar va trenerlarning malakasini joyiga borib o`rganish hamda ularni olimpiya sport turlariga ixtisoslashtirish;
- har bir sport maktabini o`z hududidagi mahalla, maktab va texnikumlar bilan bog`lab, ularda kamida 1 tadan olimpiya sporti to`garaklarini tashkil etish;
- yil yakunigacha sportchilarni mahalladan boshlab tanlab olish bo`yicha elektron platformani ishga tushirish;
- natija ko`rsatgan mahallalarni rag`batlantirish tizimini joriy etish;
- sport maktablarini tibbiy asbob-uskunalar, dori darmon va sport kiyimlari bilan ta`minlash uchun joriy yilda 35 milliard so`m ajratish;
- 1 sentyabrgacha maktab, sport maktabi, kollej va oliygohlarning zallarini noolimpiya sport turlari klublariga bepul berish tartibini joriy etish topshiriqlari berildi.
Umuman, vazirlik va viloyat hokimlari yoshlarning 43 foizi (6 milliondan ortiq) ommaviy sport bilan muntazam shug`ullanishini ta`minlash bo`yicha zarur choralar ko`rishi shartligi ko`rsatildi.
Shuningdek, yig`ilishda sport maktablari bilan olimpiya zaxiralari kollejlari va oliy sport mahorati maktablari o`rtasida seleksiya borasida uzviy “zanjir” yo`lga qo`yilmaganligi ham aytib o`tildi. Misol uchun, respublikadagi 279 ta bolalar va o`smirlar sport maktabining 190 tasida 36 ta olimpiya sport turidan bor-yo`g`i 10 tasi o`rgatiladi. Oqibatda, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun davlat barcha tashkiliy va moliyaviy sharoitlarni yaratib berayotganiga qaramasdan, Osiyo va jahon olimpiya sporti bo`yicha chempionatlarida 5-6 nafardan sovrindor chiqmoqda, xolos. 6 ta oliy sport mahorati maktabi, 32 ta olimpiya sport federasiyasi olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni o`z holiga tashlab qo`ygan. Kollejlardagi 9 mingga yaqin sportchilarning 21 foizi milliy terma jamoaga kira olgan, xolos.
“Vaholanki, milliy terma jamoa tarkibini aynan shu kollejlardan chiqqan sportchilar tashkil etishi kerak emasmi? Bu masala qaysi viloyat hokimini qiynayapti? Birorta viloyat, tuman yoki shahar hokimi sportning barcha turlari bo`yicha tizimli ishlashni yo`lga qo`ya olgani yo`q”, - dedi Prezident.






