24 maydan 25 mayga o`tar kechasi soat 00:40 larda "Qashqadaryo-Toshkent" yo`nalishida harakatlanib kelgan “Lacetti" rusumli avtomashina YPX maskanida to`xtatilganida ushbu holatga guvoh bo`lingan. Viloyat IIB bu haqda xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yukxona ko`zdan kechirilganda haydovchi Chiroqchi tumanida yashovchi S.B. boshqaruvidagi “Lacetti" rusumli avtomashinada tegishli veterinariya ma`lumotnomalarisiz, kelib chiqishi noma`lum bo`lgan, taxminan 160 kg og`irlikdagi yirik mol go`shtlarini olib ketayotgani aniqlangan.
"Go`sht mahsulotlari Qashqadaryo viloyat oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi mikrobiologiya va veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasida tekshirib ko`rilganda iste`molga yaroqsizligi ma`lum bo`ldi",-deyiladi xabarda.
Viloyat hayvonlar kasalliklar tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi kuydirish pechida 160 kg go`sht mahsuloti yo`q qilingan.






