Bugungi kunda hududlarda 35 ta tekstil-bo`yoq va 14 ta terini qayta ishlash bo`yicha yangi loyihalar tayyorlangan. Bu haqda Prezident matbuot xizmati yozmoqda.
Shu munosabat bilan yil yakuniga qadar tekstil-bo`yoq va terini qayta ishlash bo`yicha industrial parklar tashkil etish, zamonaviy tozalash inshootlarini qurish bo`yicha loyihalarni boshlash vazifasi qo`yildi.
Mutasaddilar viloyat hokimlari bilan birga ushbu ishlar hisobidan 20 mingta ish o`rni yaratishi, qo`shimcha 250 million dollar eksportni ta`minlashi shartligi ta`kidlandi.
Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyati, Farg`ona tadbirkorlari bu imkoniyatdan foydalanib, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo`yicha 630 mln dollarlik yangi loyihalarni boshlash tashabbusi bilan chiqqan. Ularni infratuzilma bilan ta`minlash uchun joriy yilda 120 mlrd so`m ajratiladi.
Boshqa hududlardan ham yangi loyiha takliflari bo`lsa, ular uchun yana 50 mlrd so`m ajratilishi ta`kidlandi.
Yig`ilishda Samarqandda 300 gektar maydonda yangi maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Sanoat zonalariga loyihani joylashtirish tartibi qayta ko`rib chiqilib, byurokratiyadan xoli yangi tizim yaratilishi ta`kidlandi. Jumladan:
- erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshiriladigan loyihalarni ekspertiza qilish vakolati Investisiyalar vazirligiga o`tkaziladi;
- sanoat zonalari bo`yicha ma`muriy kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari Investisiyalar vazirligiga beriladi;
- sanoat zonalari ishtirokchilariga imtiyozlarni qo`llash uchun Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazining xulosasini olish tartibi bekor qilinadi. Bundan buyon nazoratni Davlat bojxona qo`mitasi amalga oshiradi;
- sanoat zonalaridagi erlar auksionga direksiyalar tomonidan chiqariladi (hozirda hokimlik tomonidan auksionga qo`yiladi);
- investisiya majburiyatlari to`liq bajarilganidan keyin kichik sanoat zonalaridagi ob`ektlarni xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Bularning hisobiga, sanoat zonalariga loyihalarni joylashtirish jarayonidagi bosqichlar amaldagi 5 tadan 2 taga kamayadi, sarf qilinadigan vaqt 3 oydan 1 oygacha qisqaradi.






