Odatga ko`ra, har o`quv yili tugagach, yangi o`quv yiliga tayyorgarlik umumta`lim maktablari, sinfxonalar ta`mirlanishidan boshlanadi. So`nggi kunlarda joriy o`quv yili nihoyasiga etish arafasida ijtimoiy tarmoqlarda maktab ta`miriga ota-onalar tomonidan pul yig`ilayotganligi masalasi keng muhokama qilindi. Xalq ta`limi vazirligi maktab ta`miri uchun ota-onalardan pul yig`ilishi noqonuniy ekanligini, bu jarayonlarga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmon va Qarorlarida umumta`lim maktablarini yangi o`quv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ta`mirlash va infratuzilmasini yaxshilashga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas`ulligini eslatib o`tdi... Shuningdek, maktab ta`miri uchun ota-onalardan pul yig`ilishi holatlari kuzatilsa, fuqarolar vazirlikning ishonch telefoniga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligini ma`lum qildi. Xo`sh, unda nega mahalliy hokimliklar bu majburiyatlarini bajarmayapti? Maktablar ta`miri uchun aslida mahalliy hokimliklar byudjet ajratadimi? Uni qanday taqsimlaydi? Ushbu sahifada shu kabi savollarga javob topamiz.
Umumta`limga befarq bo`lmagan faolning fikricha...
Aynan umumta`lim tizimi borasidagi o`zgarishlarga befarq bo`lmagan ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchisi Ulug`bek Po`latov bu masalaga o`z fikr-mulohazalarini bildirarkan, bu yil ham odatdagidek o`qituvchi va ota-onalardan maktab ta`miri uchun pul yig`ish ishlari boshlanib ketgani, qonunchilikda “remont” uchun pul yig`ish taqiqlangan bo`lsa-da, ammo bu holat har yili takrorlanaverishini yozadi. Bunga sabab sifatida esa, bunday holatlarni bartaraf etish choralari ko`rilmagan, deya keltirgan u. Shuningdek, faolning keltirishicha, “har yili maktablar uchun ajratiladigan xarajatlar smetasi ochiq va shaffof emas. Chunki, xarajatlar smetasi direktor tomonidan tasdiqlansa-da, bosh hisobchi va iqtisodchilar tomonidan sarf qilinadi. Bu xodimlarni esa nazorat qilish imkonsiz. Chunki ular xalq ta`limi bo`limi mudiriga bo`ysunadi. Ta`mir uchun ajratilgan hom-ashyo aynan qancha mablag`ga olingan, degan savolga esa javob topish mushkul.
Hokimliklar tomonidan ajratiladigan mablag`lar haqida ham ochiq bayonot berilmaydi. Shu sababli maktablar ta`miri uchun kerakli materiallar ajratilgan taqdirda ham ular to`liq joylarga etib bormasligi mumkin. Ko`p joylarda maktablar ota-onalar homiyligi asosida ta`mirlash kerakligi ta`kidlanadi. Lekin, o`sha homiyni kim topadi? Direktormi? Sinf rahbarmi? Homiy topilgan taqdirda ham ular butun boshli maktabni ta`mirlab berolmasligi aniq”.
“Bu masalaning echimi qaerda?”
Ulug`bek Po`latov bu savolga ham quyidagicha javob berib o`tgan:
— Mana shunday moliyaviy etishmovchiliklarni bartaraf etish uchun maktablarda “vaucher” tizimini, ya`ni bola boshiga moliyalashtirishni tezroq joriy etish kerak. Bu tizimga o`tilsa, maktablarga o`quvchilar soniga qarab byudjetdan mablag` ajratiladi. Hokimliklar esa qaysi maktabga qancha mablag` ajratganligini ochiqlab, hisobot berishi kerak. Shundagina yig`di-yig`dilarga barham beriladi.
Bir mahalliy hokimlik misolida...
Alisher XATAMOV, Chilonzor tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy
rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari:
— Bugungi kunda Chilonzor tumanida 33 ta maktab joylashgan. Ushbu maktablarning 5 tasi quvvatiga nisbatan past qamrovli (0,9 koeffisientga ega) va 5 tasi yuqori qamrovli (2 koef.dan ortiq) maktablarni tashkil etadi. Jami maktablarning 5 tasi I smenada, 25 tasi II smenada faoliyat yuritadi. Tumandagi umumiy o`rtata`lim maktablarida jami 45 450 nafar o`quvchi bo`lib, ularga 2420 nafar o`qituvchi ta`lim beradi.
2021 yilda mahalliy byudjet tomonidan 17,2 mlrd. so`m mablag` ajratib quyidagi ishlar amalga oshirildi: 13 ta (79, 90, 114, 128, 138, 162, 164, 173, 182, 184, 281, 201, 202) umumta`lim maktablarida 4,6 mlrd. so`mlik joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 dekabrdagi PQ–4936 – sonli qaroriga asosan tumanda 3 ta (131-,179-, 200-) ta`lim muassasalarida mukammal ta`mirlash ishlari tugallanib, foydalanishga topshirildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq va Obod mahalla dasturini amalga oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ–5048 – sonli qaroriga asosan tumanda 163–sonli umumta`lim maktabi hamda Barkamol avlod bolalar maktabida qurilish- ta`mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasining 284–F–sonli qarori asosida 19 ta umumta`lim maktablarida joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Bundan tashqari 79–, 90–114–, 138–, 182–, 184–, 201–, 281–sonli umumta`lim muassasalarida mahalliy byudjet hisobidan muassasalarning issiqlik tizimi, tom qismi va sport zallarida joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, umumta`lim muassasalarida 2021–2022 o`quv yilida deputatlar tomonidan ajratilgan mablag`larga maktab hojatxonasi va yuvinish xonasi uchun suvni isitib berish uchun (Ariston) moslamasi to`liq o`rnatildi.
“Ochiq tashabbus byudjeti”dan 3 ta maktab ta`mirlanadi”
— Chilonzor tumanida joylashgan ijtimoiy–iqtisodiy vaziyatni yaxshilash hamda faollar tomonidan bildirilgan muammolarni bartaraf etish bo`yicha “Yo`l xaritasi”da ko`zda tutilgan ishlarni olib borishi yuzasidan manzilli Dastur bo`yicha 6 ta (168–, 173–, 178–, 182–, 188–, 202-) maktabda sport maydoncha va tom qismlarida joriy ta`mirlash ishlari olib borildi.
Tuman ta`lim muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlashda barchasida issiqlik tizimlarini profilaktik ta`mirlash va bosim ostida yuvish xamda texnik xizmat ko`rsatish ishlari to`liq amalga oshirildi.
2022 yil davlat investisiya dasturiga Chilonzor tumanidagi umumta`lim maktablari kiritilmagan.
2022 yil “Obod mahalla” davlat dasturiga 184–sonli umumta`lim maktabi (Qatortol MFY) hamda 232–sonli umumta`lim maktablari (Dombirabod MFY) kiritilib, ta`mirlash ishlari o`quv yili yakunlanishi bilan boshlanishi ko`zda tutilmoqda.
Ochiq tashabbus byudjeti hisobidan 3 ta maktabda (138-, 200-, 270-maktablar) joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari 3 ta maktabning sportzallari, 4 ta maktabning hojatxonalari, 1 ta maktabning issiqlik tizimi, 1 ta maktabning oshxonasi joriy ta`mirlash ko`zda tutilgan. Joriy yilda xomiylar tomonidan 3 ta muassasa xududida (66-, 173-, 184- maktablarda) yangi sport maydonlari barpo etildi.
XULOSA O`RNIDA
Birgina tuman misolida vaziyatni o`rganishga harakat qildik. Maktablarda belgilangan reja asosida joriy va kapital ta`mir amalga oshirilgan. Boshqa hududlarda ham ehtimol, shunday amaliy harakat bordir, unda nega ota-onalardan har yili maktab ta`miriga pul yig`ilishi kerak? Bizningcha, hatto bunday vaziyatda homiylik mablag`lari talab qilinishi ham o`rinsiz. Bu borada bizning taklif quyidagicha: shunday tizim yo`lga qo`yilishi kerakki, barcha mahalliy hokimliklar aynan maktab ta`miri uchun ajratilgan mablag` va uning maqsadi haqida alohida elektron portal orqali ochiq ma`lumotlarni taqdim etib borsin. Har bir maktab ta`miriga oid vaziyatni ota-ona bemalol kuzata olish imkoniga ega bo`lsin. Maktab ma`muriyatiga nisbatan esa, ixtiyoriy homiylik mablag`larini naqdda qabul qilinishiga nisbatan chora qat`iy kuchaytirilishi kerak va faqatgina hisob raqamga tushirilishini ta`minlash uchun javobgarligi oshirilishi shart. Shundagina, bu masalada adolat bo`lishi mumkin. Aks holda, "yopiqlik qozon yopiqligicha" qolib ketaveradi va norozilik davom etaveradi... Natijada yig`ilgan pullarning samarasini ko`rishimiz amri mahol bo`lib qolaveradi... Shunday ekan, biz boshqa mahalliy hokimliklarning ham ma`lumotlarini ochiqlab borishga harakat qilamiz...
Fayzullo Yaxyoev,
"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 26 may, 21-son.






