AsosiyJamiyat

“Endi ishsiz qolamizmi?”... Xalq ta`limi vazirligining yangi qaror loyihasi o`rta maxsus ma`lumotli, ammo ko`p yillik stajga ega o`qituvchilarning e`tiroziga sabab bo`ldi...

'“Endi ishsiz qolamizmi?”...  Xalq ta`limi vazirligining yangi qaror loyihasi o`rta maxsus ma`lumotli, ammo ko`p yillik stajga ega o`qituvchilarning e`tiroziga sabab bo`ldi...'ning rasmi

Sal avval regulation.gov normativ hujjatlar loyihalari muhokalari portaliga «Umumiy o`rta ta`lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oliy pedagogik ma`lumotga ega bo`lmagan o`qituvchilarni pedagogik staji asosida sirtqi ta`lim shakli bo`yicha oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga o`qishga qabul qilish tartibi» to`g`risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirilgani edi. 11 may kuni o`z nihoyasiga etgan muhokamalarda 4022 nafar ko`rishlar bo`lgan bo`lsa, shundan 3249 ta izohlar yozilgan. Ya`ni loyiha bilan tanishganlarning qariyb 81 foizi ushbu taklifga o`z munosabatlarini bildirishgan. Nashrimizga ham o`tgan haftada yo`llangan murojaatlarning asosiy qismi aynan shu loyiha haqida bo`ldi. Mavzu doirasida mushtariylar bildirgan munosabatlarning aksariyati e`tirozli mazmunda. Ya`ni ular loyiha aynan o`rta maxsus ma`lumotli pedagoglarning bugungi sharoit va imkoniyatlariga nomutanosib, deya baholanashmoqda...

YaNGILIKKA NOMUTANOSIB ShAROIT

Rohila RO`ZIEVA, Farg`ona viloyati Dang`ara tumani:

  • Men o`rta-maxsus ma`lumotli boshlang`ich sinf o`qituvchisiman. 23 yillik ish stajiga egaman. 2 farzandimdan biri – o`g`lim shartnoma asosida o`qiydi. Qizim ham bu yil o`qishga topshiradi. Turmush o`rtog`im yollanma ishchi. Sog`lig`i ham yaxshi emas – gepatit “S”. Men kabi ko`p yillik stajga ega o`rta masxus pedagoglarga stajdan kelib chiqib ishlashga sharoit yaratilishi yoki maxsus sirtqi guruhlar ochilishini iltimos qilamiz. 

“KELIN BO`LIB TUShGAN JOYIMIZDAN “O`QIYMAN” DEYa OLMAGANMIZ”

Gulzira Talganbaeva, Toshkent viloyati, Zangiota tumani:

  • 15-20 yil davomida maktabda ta`lim-tarbiya bergan ustozlarni maktab bitiruvchilari bilan tenglashtirib, imtihon olinishi eng og`riqli nuqtamizdir. Ayniqsa, biz ayollar mentalitetimizdan kelib chiqib, kelin bo`lib tushgan xonadonda o`sha vaqtda “o`qiyman” deya shart qo`ya olmaganmiz va o`rta-maxsus ma`lumot bilan ta`lim berib kelganmiz.

 

“BARChASI O`QIShLARI UChUN 80 YIL KERAK BO`LADI”

Guljamol TOG`AEVA, Navoiy viloyati Navbahor tumani:

  • 22 yil maktabda mehnat qilib, shuncha shogird etishtirib, bugungi kunda “o`rta maxsussan” degan ta`nani oldik. Dalada paxta tergan ham, yo`lda o`t chopgan ham o`rta maxsuslar edi. O`zbekistonda 40 mingdan ortiq o`rta-maxsus ma`lumotli o`qituvchilar bor. Har yili 500 ta maqsadli kvota ajratilsa, barchasi o`qishlari uchun 80 yil kerak bo`ladi.

“KAMSITILYaPMIZ...”

Durdona HAYDAROVA, Andijon viloyati Xo`jaobod tumani:

  • Biz o`rta ma`lumotlilar yillar davomida ishlab, hozirda o`qishni bitirib kelgan ustozlarga ish o`rgatadigan paytimizda bizga aytilgan gaplar, berilgan ogohlantirish xatlari yuragimizga nashtarday sanchilyapti. Shu bir parcha qog`oz, deb kamsitilyapmiz.

“ABITURIENTLAR QATORI O`QIShGA TAYYoRLANA OLAMIZMI?”

Zilola ZARIPOVA, Buxoro viloyati G`ijduvon tumani:

  • Bilim darajamiz oliy ma`lumotli o`qituvchilardan kam bo`lmasa-da, mavqeimiz oyoqosti bo`lyapti. Sinfimdagi bir o`quvchi Prezident maktabiga o`qishga qabul qilindi. Lekin buning hech kimga qizig`i yo`q. Tanlovlar, toifalar biz uchun olib tashlandi. Bu adolatsizlik! Biz axir abiturientlar qatori o`qishga tayyorlana olamizmi?

“TA`LIM SIFATI DEYILAYoTGAN MANTIQ QANI?!”

Muhayyo SAYFIDDINOVA, Andijon viloyati Asaka tumani:

  • 27 yildan beri bolalarga ta`lim berib kelaman. Lekin go`yoki endi biz o`rta-maxsus ma`lumotli pedagoglar ta`lim berishga noloyiqmiz. Lekin 4 yil paxtachilik, mashinasozlik, qo`yingki, istalgan boshqa yo`nalishlarda oliygohni bitirib, undan so`ng o`z yo`nalishi qolib, 6 oygina pedagogikaning istalgan yo`nalishida o`qib kelib, maktablarda oliy ma`lumotli pedagog sifatida maktablarda faoliyat yuritishyapti. Qani bu erda ta`lim sifati deyilayotgan mantiq?

 

NIMA TAKLIF QILINMOQDA?

Muhokamalar portalida ham, tahririyatimizga ham kelgan murojaat va takliflarning deyarli 99 foizi bir xil mazmunda va ular ko`p narsa so`rashmayapti: 

- o`qituvchilar ish stajini hisobga olgan holda, 3 yillik maxsus sirtqi oliy ta`lim yo`nalishlariga o`qishga qabul qilinishi; 

- 40 yoshdan oshgan yoki 20 yildan ortiq ish stajiga ega bo`lgan o`rta-maxsus ma`lumotiga ega o`qituvchilarga ishlash uchun ruxsat berilishi eng ko`p so`ralgan.

O`qituvchilar xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidovdan yaxshi tashabbuslar kutishmoqda!

 

Sardorbek RAHMONQULOV,
"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 26 may, 21-son.

    Boshqa yangiliklar