IIB xodimlari tomonidan olingan tezkor ma`lumotga asosan, Paxtachi tumani “Qoraqo`ton” ma`danli maydonida hudud talashib, ko`cha tili bilan aytganda “razbor” o`tkazilishi aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati ma`lum qildi.
Ma`lumotga asosan, Samarqand viloyat IIB JQB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, Paxtachi tumani “Qoraqo`ton” ma`danli maydonida tarkibida oltin moddasi bo`lgan toshlarni talon-toroj qilish bilan shug`ullanuvchi 2 guruh o`rtasidagi mazkur janjalning oldi olindi.
Tezkor tadbir davomida 16 nafar shaxs qo`lga olinib, ularga nisbatan ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ushbu yo`nalishdagi ishlar davom etmoqda.






