Davlat rahbari O`zbekiston Qahramoni Lola Murotova vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi:
"Mamlakatimiz qishloq xo`jaligi og`ir judolikka uchradi.
Mashhur fermer, Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo`jaligi rahbari, O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi, taniqli jamoat arbobi Lolaxon Murotova og`ir kasallikdan so`ng shu yil 30 may kuni 64 yoshida vafot etdi.
Butun mamlakatimizning g`urur va iftixori bo`lgan Lolaxon Murotova 1958 yil 9 martda Farg`ona viloyatining Oltiariq tumanida tug`ildi. O`rta maktabni tugatganidan so`ng mehnat faoliyatini Oltiariq tumanidagi “Nurobod” jamoa xo`jaligida mexanizator sifatida boshladi, o`z hayotini mamlakatimiz iqtisodiyotining etakchi tarmog`i bo`lgan qishloq xo`jaligi bilan bog`ladi.
Yoshlik yillaridan boshlab dehqonchilik ilmini puxta o`rgangan L. Murotova jamoa xo`jaligida bosh pudratchi, bo`lim boshlig`i, xo`jalik raisi kabi lavozimlarda fidokorona mehnat qilib, ishni tashkil etish, mo`l hosil etishtirish, xo`jalikni samarali boshqarish sohasida katta tajriba orttirdi.
Fermerlik harakatiga keng yo`l ochilishi bilan mohir va mirishkor dehqon mamlakatimizda birinchilardan bo`lib “Nurli obod” fermer xo`jaligiga asos soldi hamda erning haqiqiy egasi sifatida yurtimizda fermerlik harakatini rivojlantirish va uni yangi bosqichga ko`tarishga katta hissa qo`shdi.
O`z faoliyatida doimo yangilikka intilib, ezgu tashabbuslari bilan barcha fermerlarga, ayniqsa, yoshlarga ibrat bo`lib yashagan L.Murotova Yangi O`zbekiston sharoitida alohida jonbozlik va g`ayrat-shijoat ko`rsatib ishladi. Qishloq xo`jaligi sohasida ilg`or agrotexnologiyalarni, boshqaruvning zamonaviy usullari va samarali vositalarini qo`llash, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish, yosh fermerlar avlodini tarbiyalashda o`ziga xos tajriba maktabini yaratdi.
U o`z foliyati bilan Vatanga muhabbat va sadoqatning, kasbiga fidoiylikning haqiqiy namunasini namoyon etdi. Aynan ana shunday olijanob fazilatlari bilan Lolaxon opa butun xalqimiz uchun o`zbek ayolining haqiqiy timsoliga aylandi.
El-yurt ishiga umrini bag`ishlagan qahramon fermer jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. Uning bu boradagi serqirra faoliyati yoshlarni, xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o`rgatish, ularni ish bilan ta`minlash, hayotda o`z o`rnini topishida yaqindan ko`mak berish, ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, qishloq va mahallalarni obod etish, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ezgu ishlarida yaqqol namoyon bo`ldi.
L. Murotova Xalq deputatlari Farg`ona viloyati kengashi deputati, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zosi sifatida ham samarali ish olib borib, mamlakatimiz hududlarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish bo`yicha muhim qarorlar qabul qilishda ham faollik ko`rsatdi.
Lolaxon Murotovaning mamlakatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan qishloq xo`jaligi xodimi” faxriy unvoni, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari hamda “O`zbekiston Qahramoni” oliy unvoni bilan mukofotlangan edi.
Atoqli fermer, qishloq xo`jaligi ilmining etuk namoyandasi, taniqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson, xalqimizning fidoyi farzandi Lolaxon Murodovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi".
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Sh.G`aniev, X.Bozorov, A.Hayitov






