1

Eng “bechora”, eng “xokisor” qo`shni…

Mutolaa 30.05.2022, 22:50
Eng “bechora”, eng “xokisor” qo`shni…

— Nima ham derdim, bu dunyoda puli bor odam gapirarkan-da, Rasuljon. Mana, o`tgan kungi choyxonaga ham meni aytishmabdi. Ha, mayli.

— Ko`nglingizga olmang, aka, bugun men choyxonada osh qilib beryapman, kechga tomon o`taverasiz.

— Ehtiyot bo`ling, Rasuljon, odamlar shunaqa…

Qobiljon akaning o`ziga-o`zi gapirib, yo`lida davom etayotganiga qarab qolgan Rasul aka “Bechoragina, hayot juda qiynagan odam ekan” degan fikrga keldi. O`sha kuni choyxonada mahalladagilar eshikdan kirib kelgan Qobiljon akani xushlamaygina qarshi olishdi, nomiga salom-alik qilib, yana o`zlarining gurunglariga berilib ketishdi. Shu payt Rasul yangi qo`shnilarida rostakamiga xafa bo`ldi. Gapiray derdi-yu, hammasi kap-katta odamlar. Ustiga-ustak, o`zi hali yangi. “Kecha kelib, aql o`rgatyapsanmi?” deyishlari aniq. Shuning uchun ichidagi gaplarni ayoliga aytib biroz engil tortdi. Ayoli ham ko`ngli bo`sh odam emasmi, “Ertaga somsa, shirinliklar pishirmoqchi edim. Albatta, ularga ham olib chiqib beraman”, deb kuyinib qoldi. 

— Dadasi, — dedi ayoli kechga tomon erini g`alati alfozda qarshi olarkan. — Qobiljon akaning ayoli juda g`aroyib ekan. Men ularga olib chiqqan somsalarni, pishiriqlarni tashlab yuboribdi. Axlat qutisida ko`rib allanechuk bo`lib ketdim. Sal esa nogoh telefonda gaplashayotgani qulog`imga chalindi: “Yangi qo`shni menga o`qitilgan sarqitlarni olib chiqibdi”, deyotgandi…

Rasul aka Qobiljon akaning xotindan ham yolchimaganiga battar ezildi. Shu bo`ldi-yu, Rasul aka uchun Qobiljon aka mahallaning eng yuvosh, eng bechora odamiga aylandi.

Ko`chib kelgan uyi ta`mirga muhtoj ekani sabab imorat boshlagan Rasul aka, albatta, qo`shnisi Qobiljon akaning ham devorlarini oqlab, chiroyli qilib berishni diliga tugdi. Ammo ko`p o`tmay…

— Har kuni shang`ur-shung`ur. Kelmaslaringdan mahallani boshingga ko`tardilaring. Men shovqinda uxlolmayman, qurilish-purilish bo`lmaydi, yo`qot!

Uyiga janjal ko`tarib kirib kelgan yon qo`shnisi Qobiljon akani Rasul aka bir muddat tanimay qoldi. “Balki chindan shovqinni ko`tara olmas” deya yaxshi gumon qilishga urinsa-da, deyarli har kuni qo`shnisining “yangi qirralari”ni kashf qilardi. Mahallaga kelgan axlat yig`uvchi bormi, soliqchilarmi, adashib ko`chaga kirib qolgan mashinami — barchasi Qobiljon akadan haqorat eshitib olar, ayoli ham doim hammaning ustidan turli joylarga murojaat yozardi. Rasul aka o`zining ustidan ham ariza tushgani haqida eshitib lol qoldi. Mahallaning eng “bechora” odami uni hayratga solar va u yashayotgan uyining avvalgi egasi nega bunchalik arzon narxga, savdolashmay uyini sotishga rozi bo`lganini anglardi. Qobiljon akaning qimtinibgina yurishlari, ma`yus qarashlari shunchaki niqob ekanini Rasul aka tushunib etdi. Va boshqa qo`shnilar singari undan uzoqroq yurish eng to`g`ri yo`l ekaniga ishonch hosil qildi.

Mohigul DIYoRXO`JAEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1