Sevimli

Oyoqlaringiz uvishadimi? Bu jiddiy kasallik alomati bo`lishi mumkin

Salomatlik 01.06.2022, 14:51
Oyoqlaringiz uvishadimi? Bu jiddiy kasallik alomati bo`lishi mumkin

Ko`pchilik insonlar uzoq muddat bir joyda turib yoki o`tirib qolsa, oyoqlari uvishib, o`zini noqulay his qiladi. Bu holat ta`siri ba`zilarda o`rnidan qo`zg`alishi bilan yo`qolsa, ayrim kishilarda uvishgan oyoqlar ma`lum vaqtdan keyingina o`ziga keladi.

Xo`sh, bu muammoning kelib chiqishiga qanday omillar sabab bo`ladi?

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ayni shu mavzuda malakali terapevt Hilola Abdullaevaga murojaat qildi.

— Oyoqlar uvishishi asosan katta va o`rta yoshli insonlarda ko`p uchraydi, — deydi shifokor. — Sababi bu davrda qon tomirlari devorida xolesterin miqdorining ortishi tufayli tanada qon aylanishi qiyinlashadi. Natijada oyoqlar tez-tez uvishib, uning sezgirligi yo`qoladi va engil sanchish, et jimirlashi kuzatiladi. Hatto ba`zilar bu holat ta`sirida biroz vaqt yura olmay qolishi mumkin.

Mazkur muammo tananing uzoq vaqt noqulay holatda qolishi, homiladorlik davri, kamharakatlilik yoki bir joyda o`tirib ishlash va haddan tashqari noqulay hamda tor oyoq kiyim kiyish kabi bir necha zararsiz sabablar fonida rivojlanishi mumkin. Biroq aksariyat hollarda oyoq uvishishi tanada qaysidir kasallik rivojlanayotganidan darak beradi va ularning ro`yxati anchagina keng.

Jumladan:

✅ umumrtqa pog`onasi kasalliklari (orqa miya nervlarining siqilishi natijasida kelib chiqqan osteoxondroz, mushak to`qimalarining spazmlarini keltirib chiqaradigan intervertebral churra);

✅ tanada qon aylanishining buzilishi;

✅ ateroskleroz;

✅ yurak xastaliklari;

✅ qandli diabet;

✅ revmatoid artrit shular jumlasidan.

— Oyoqlar uvishgan payt tanada yana qanday salbiy o`zgarishlar kuzatiladi?

— Eng avvalo, inson issiq yoki sovuq haroratni sezmay qoladi. Umurtqa pog`onasi, ko`krak qafasi va boshqa sohalarda qattiq og`riqlar kuzatilishi mumkin.

Shuningdek:

  • holsizlik;
  •  qadam bosishning buzilishi;
  •  oyoqlarda og`irlik;
  •  kuchli bosh aylanishi va kuchli bosh og`rig`i;
  • bo`yin og`rig`i;
  • qichishish;
  •  tez-tez peshob ajralishi;
  •  mushaklar spazmi;
  •   tundagi og`riqlar oyoq uvishishi bilan birga kechadigan salbiy o`zgarishlar hisoblanadi.

Sharhlar