Tojikiston Respublikasi Prezidentining O`zbekistonga tashrifi arafasida Toshkent shahrida ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralarining 200 dan ortiq vakillarini birlashtirgan O`zbekiston-Tojikiston biznes-forumi bo`lib o`tdi. Bu haqda Investisiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Forumni O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Davlatali Said ochib berdi.
O`z chiqishlarda ikki mamlakat delegasiyalari rahbarlari iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, yuqori texnologiyali qo`shma ishlab chiqarish ob`ektlarini yaratish, yuqori talabga ega bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarish va istiqbolli bozorlarga etkazib berish bo`yicha kooperasiya aloqalarini o`rnatish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini qayd etdilar hamda O`zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlik qilishga chaqirdilar. Shu o`rinda, ikki mamlakat hukumatlari qo`shma loyihalarni amalga oshirishda har qanday zarur yordamni ko`rsatishga tayyorligi ta`kidlandi.
Yaqin kelajakda o`zaro savdoni rivojlantirish va sanoat kooperasiyasini rivojlantirishni rag`batlantirish maqsadida tez orada “Oybek” va “Fotexobod” nazorat punktlarining yonida “O`zbekiston – Tojikiston” chegaraoldi savdo-sanoat zonasini tashkil qilish rejalashtirilayotgani ma`lum qilindi. Unda ishlab chiqarish ob`ektlari, logistika markazlari va zarur infratuzilma joylashgan bo`ladi.
Shuningdek, mamlakatlarimizning engil sanoat, qishloq xo`jaligi mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmasevtika, elektrotexnika, tog` - kon sanoati va energetika kabi sohalarda sanoat kooperasiyasini yanada chuqurlashtirish borasidagi ishlarni faollashtirish niyatlari ma`lum qilindi. Shu nuqtai nazardan, 2021-yilda xususiy sektor loyihalarini qo`llab-quvvatlashning samarali vositasi sifatida tashkil etilgan O`zbekiston-Tojikiston investisiyaviy kompaniyasining imkoniyatlari ta`kidlandi.
Forum davomida transport va logistika hamda hududlararo hamkorlik sohalaridagi qo`shma loyiha va tashabbuslar haqida ham so`z yuritildi.
Tadbir doirasida “B2G” va “B2B” formatidagi ishtirokchilarning maqsadli uchrashuvlari o`tkazildi. Forum yakunlari bo`yicha 1062,6 million dollarlik 75 savdo-iqtisodiy hujjat imzolandi.






