Avval xabar berganimizdek, kecha "Paxtakor" stadionida qit`aning 23 yoshgacha bo`lgan eng kuchli futbolchilari ishtirokidagi musobaqaning ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Rasmiy ochilish marosimidan so`ng O`zbekiston yoshlari Turkmaniston bilan bellashdi va unda Ulug`bek Hoshimov penaltidan urgan goli jamoamizga g`alaba keltirdi.
O`yindan so`ng ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri Oybek Shukurov.
Turkmaniston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ahmet Agamuradov O`zbekistonga qarshi Osiyo kubogi 1-tur uchrashuvdan so`ng fikrlari bilan o`rtoqlashdi.
"Raqib jamoani qo`lga kiritgan g`alabasi bilan tabriklayman. Futbolda kuchli jamoa yutadi. Bugun O`zbekiston bizdan kuchli bo`ldi va haqli g`alabaga erishdi. Ha, mezbonlar taktik jihatdan yaxshi edi. To`liq uchrashuv davomida deyarli xatoga yo`l qo`ymadik. Birgina penalti va birgina zarba barchasini hal qildi. Keyingi uchrashuvlarda yaxshiroq o`yin ko`rsatib, kerakli natijaga erishishga harakat qilamiz. Yigitlarimning bugungi o`yini bilan faxrlanaman", – dedi Ahmet Agamuradov.
O`zbekiston U-23 bosh murabbiyi Temur Kapadze va Hojimat Erkinov ham anjumanda ishtirok etib, g`alaba haqida o`z fikrlari bilan o`rtoqlashishdi.
"O`yin qiyin bo`lishini bilar edik. Birinchi uchrashuv doim shunaqa bo`lgan. Eng muhimi g`alaba qozondik. Bu bilan hammani tabriklayman. O`yin davomida ko`p imkoniyatlar bo`ldi. Ko`p vaziyatlarda bizga gol etishmadi. Turkmaniston yaxshi himoyalana oldi. Ayniqsa, ularning darvozaboni ancha vaziyatda a`lo darajada harakat qildi", – Timur Kapadze.
"Butun xalqimizni ushbu g`alaba bilan tabriklayman. Turkmaniston kuchli himoyalandi, vaziyatlarimizdan foydalana olganimizda, yirik hisobda g`alaba qozongan bo`lar edik", – dedi Hojimat Erkinov.
– Jaloliddinov jarohat olib maydonni tark etdi. Ahvoli qanday?
– Bu jarohat emas, charchoq alomati deb o`ylayapmiz. Ko`p harakat qilganidan unda tomir tortishish holati kuzatildi. Yana bugun shifokorlar bilan uning ahvolini yaxshilab ko`rib chiqamiz - Timur Kapadze.






