Tarmoqlarda Toshkentning Yunusobod tumanida noma`lum shaxs mushukni otib tashlagani, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo`linayotgani haqida xabar tarqaldi. Ayni vaqtda bu bo`yicha poytaxt IIB munosabat bildirmoqda.
Ma`lumotga ko`ra, 2 iyun kuni Yunusobod tumani IIBga shu hududda yashovchi fuqarodan mushuk otilayotgani bo`yicha murojaat kelib tushgan. Ayol unda 27 may kuni kechqurun mushugini ko`chaga sayr qilishga qo`yib yuborganini, oradan bir yarim soat o`tib mushugi qaytib kelganida, uning burun qismida qon oqayotgan yara borligini ko`rganini bayon qilgan. Ertasi kuni mushugini veterinariya klinikasiga olib borgan. Tekshiruv davomida shifokorlar jonivorning jarohat joyidan pnevmatik o`qni topishgan va olib tashlashgan.
Ta`kidlanishicha, hozirda IIB xodimlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilib, huquqbuzarning shaxsi aniqlanmoqda.
Qayd etilishicha, “Qo`shchinor” mahallasida avval ham hayvonlarga nisbatan shu kabi holatlar kuzatilgan. Biroq bu bo`yicha hech kim idoraga murojaat yo`llamagan.






