Prezident raisligida xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yil yakuniga qadar rejalar muhokamasiga bag`ishlangan yig`ilish boshlandi.
2022 yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish, xizmatlar hajmini 435 trillion so`mga etkazish (o`tgan yili 283 trillion so`m bo`lgan) hamda sohada 1,5 million ish o`rni yaratish reja qilingani ta`kidlandi.
“Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi o`rinbosarlari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlarni to`g`ri tashkil eta olmayapti.
Misol uchun, xizmatlar sohasida yanvar-may oylarida 756 ming ish o`rni yaratildi. Lekin ish o`rinlarining atigi 232 mingtasi yoki 31 foizi yangi ob`ektlarda yaratilgan.
Qolgan 510 mingta ish o`rni o`zini o`zi band qilganlar hissasiga to`g`ri kelmoqda”, — dedi Prezident.
Yangi savdo va xizmat ko`rsatish ob`ektlarida ish o`rinlari yaratish bo`yicha Toshkent shahri, Samarqand, Farg`ona, Andijon viloyatlari natija ko`rsatgani, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryodagi ishlar ahvoli esa qoniqarsiz ekani ta`kidlandi.
Shuningdek, yig`ilishda tadbirkorlar xizmatlar sohasida asosan 3 ta masala – er, bino va infratuzilma bilan bog`liq muammolarga duch kelayotgani ko`rsatib o`tildi.
So`nggi ikki oyda 23 mingdan ziyod er maydonlari savdoga chiqarilgan, shundan 12 mingtasi yoki 60 foizi xizmat ko`rsatish joylarini tashkil etish uchun qo`yilgan.
Bunda, 63 ta tuman va shaharda auksionga qo`yilgan er uchastkalarining soni 100 tadan ko`p bo`lsa, 27 ta tumanda 10 taga ham etmaydi.
Misol uchun, Navoiy, Shahrisabz, Qo`qon, Xiva, Urganch shaharlari, Bo`stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlarida savdoga qo`yilgan erlar soni 10 tadan oshmaydi.
Shu bois, faoliyatida sustkashlikka yo`l qo`ygani uchun Navoiy, Shahrisabz, Qo`qon shaharlari, Toshkent, Bo`stonliq, Bekobod, Kitob, Uzun tumanlari hokimlariga nisbatan oxirgi marotaba hayfsan berish, ushbu tuman va shahar hokimlarining qurilish bo`yicha o`rinbosarlarini lavozimidan ozod etishga ko`rsatma berildi.






