AsosiyJamiyat

“UzAuto Motors” aksiyalari fond bozorlarida ommaviy taklif orqali joylashtirilishini tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumi tanlab olindi

'“UzAuto Motors” aksiyalari fond bozorlarida ommaviy taklif orqali joylashtirilishini tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumi tanlab olindi'ning rasmi

 O`zbekiston Prezidentining tegishli Farmonlariga muvofiq kompaniya aksiyalarining mahalliy va xorijiy fond bozorlarida birlamchi ommaviy taklif orqali joylashtirilishini (IPO) tashkillashtirish uchun anderrayterlar konsorsiumini tanlash bo`yicha “UzAuto Motors” rasmiy tenderi e`lon qilingan edi.

Mazkur tenderda mahalliy anderrayterlar bilan bir qatorda anderrayting faoliyatini olib boruvchi xorijiy banklar va investisiya vositachilari ham ishtirok etishlari mumkinligi belgilab o`tildi.

Rasmiy tender O`zbekiston Respublikasi Davlat xaridlari to`g`risidagi qonunga muvofiq O`zbekiston Respublika Tovar-xom ashyo birjasi veb-saytida e`lon qilinib, tenderga hujjatlar qabul qilinishi joriy yilning 18 may sanasiga qadar davom etdi. 

Bu haqda “UzAuto Motors” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, tenderga mahalliy va xorijiy anderrayterlardan iborat qator konsorsiumlar qiziqish bildirib, hujjat topshirishgan. Uning yakuniga ko`ra "Freedom Finance” XK MChJ boshchiligidagi konsorsium g`olib deb topildi.

Tak`idlaniishcha, birinchi bosqichda kompaniya aksiyalarining birlamchi ommaviy taklif orqali joylashtirilishi 2022 yil so`ngiga qadar "Toshkent" Respublika fond birjasida ushbu konsorsium tomonidan amalga oshirilsa, ikkinchi bosqichda 2023 yilda xalqaro fond birjalarida yirik xalqaro investisiya bank-anderrayterlarni konsorsiumga jalb qilgan holda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

" “UzAuto Motors” AJ tomonidan mahalliy va xorijiy fond bozorlarida IPO amalga oshirilishi Kompaniya uchun yangi investisiya loyihalarni amalga oshirgan holda faoliyatni yanada kengaytirish, investision jozibadorlikni oshirish, korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur IPO ayniqsa mahalliy bozorda investorlar uchun jozibador bo`lgan yangi qimmatli qog`ozlar taklifini shakllantiradi va likvidlik oshishiga hissa qo`shadi",-deyiladi xabarda.

Ma`lumot uchun, “UzAuto Motors” 1993 yilda tashkil topgan bo`lib, O`zbekiston va O`rta Osiyodagi yagona yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi.  

Bugugi kunda kompaniyaning engil avtomobilarni ishlab chiqarish quvvati yilliga 360 ming gacha tashkil etadi. Uning asosiy ishlab chiqaruvchi zavodi O`zbekistonning sharqiy nuqtasi bo`lgan Andijon viloyatining Asaka shahrida joylashgan bo`lib, unda  Chevrolet Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti modellari ishlab chiqariladi va O`zbekistonning g`arbidagi Xorazm viloyatining Pitnak shahrida esa Damas va Labo avtomobillari ishlab chiqariladi.

Kompaniya tarkibida 11 mingdan ortiq (mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan xisoblaganda 18 mingdan ortiq) ishchi va xodimlar faoliyat ko`rsatib kelmoqda. Kompaniya 2020 yilning yakuni bo`yicha 2,6 milliard dollar sof tushum topgan bo`lib, rentabellik 7%ni tashkil etgan.

Kompaniya Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish maqsadida 2021 yil aprel oyida London fond birjasida o`zining ilk korporativ xalqaro obligasiyalarini 300 million AQSh dollari miqdorida 5 yil muddatga muvaffaqqiyatli joylashtirgan.

    Boshqa yangiliklar